Futzalchilarimiz Yevropa jamoalari bilan kuch sinashdi
Futzalchilarimizga katta o‘yin amaliyotini taqdim etgan Yevropa safari davomida O‘zbekiston milliy terma jamoa bosh murabbiyi Xose Mariya Mendesning delegatsiya tarkibida ko‘rinmaganligi qator savollarni yuzaga keltirdi. Xo‘sh, bosh murabbiy nega terma jamoa bilan Yevropa musobaqalarida qatnashmadi?
O‘zbekiston milliy terma jamoasi FIFA kunlari doirasida 17 va 19-sentabr kunlari Budapesht shahrida Vengriya terma jamoasi bilan, 21 va 22-sentabr kunlari esa Amsterdam yaqinidagi Zeyst shahrida Niderlandiya terma jamoasi bilan o‘rtoqlik uchrashuvlarida maydonga tushdi.

Vengriya terma jamoasiga qarshi o‘tkazilgan dastlabki uchrashuvda futzal bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi 0:1 hisobida g‘alaba qozongan bo‘lsa, ikkinchi bahsda mezbonlar 5:2 hisobida hamyurtlarimizdan ustunlikka erishdi.
Shu tariqa, Vengriyaga qarshi ikki uchrashuvda bir g‘alaba va bir mag‘lubiyat qayd etildi.

Amsterdam yaqinidagi Zeyst shahrida Niderlandiya terma jamoasiga qarshi kechgan ikkala uchrashuvda ham o‘zbekistonlik futzalchilar Yevropa vakillariga imkoniyatni boy berdi.
O‘zbekiston milliy terma jamoasining hujumlari ostida 21-sentabr kuni o‘tgan o‘yinda omad niderlandiyaliklarga kulib boqdi. Ular tomonidan kiritilgan yagona gol uchrashuv taqdirini hal qildi.

Kecha, 22-sentabr kungi javob o‘yinining ilk daqiqasida terma jamoamiz a’zolari raqib darvozasiga to‘p kiritgan bo‘lsa-da, keyingi vaziyatlarda Niderlandiya futzalchilari faolroq harakatni amalga oshirishi natijasida uchrashuv 6:3 hisobida yevropaliklarning g‘alabasi bilan yakunlandi.

Aytish lozimki, futzalchilarimizga katta o‘yin amaliyotini taqdim etgan Yevropa safari davomida O‘zbekiston milliy terma jamoa bosh murabbiyi Xose Mariya Mendesning delegatsiya tarkibida ko‘rinmaganligi qator savollarni yuzaga keltirdi.
O‘zbekiston futzal federatsiyasi mutasaddilarining xabariga ko‘ra, Xose Mariya Mendes Toshkentda O‘zbekiston Superkubok tadbirlarida, Jizzaxda Oliy liga 1-tur bahslarida ishtirok etgan. Yevropa safariga jalb etiladigan milliy terma jamoasi tarkibini shakllantirishda qatnashgan.
Biroq, salomatligi bilan bog‘liq muammo tufayli dastlab O‘zbekistonda, keyin Ispaniyada tibbiy tekshiruvlardan o‘tib, tegishli xulosalarni olganidan so‘ng Budapeshtda milliy terma jamoa safiga qo‘shilishi kerak bo‘lgan. O‘FF tomonidan uning Budapeshtga borishi uchun aviachipta ham xarid qilingan.
Ammo tibbiy tekshiruvlar jarayoni kutilganidan-da jiddiyroq ekanligi sababli u ayni paytda Madrid shahrida davolanishni davom ettirayotganligi oydinlashdi.

Futzalchilarimiz Yevropa jamoalari bilan o‘yinlarda 1 ta g‘alaba, 3 ta mag‘lubiyat qayd etdi. Bu natija u qadar e’tiborli ko‘rsatkich hisoblanmasa-da terma jamoamiz uchun nufuzli musobaqalarga tayyorgarlikning muhim bosqichi vazifasini o‘taganligi bilan ahamiyatlidir.
T. Ro‘ziyev, O‘zA