Futzalchi qizlarimizni jiddiy raqib kutmoqda
Toshkent shahridagi “Yunusobod sport majmuasi"da o‘tkazilayotgan futzal bo‘yicha ayollar Osiyo chempionati saralash bosqichining “C” guruhidagi bahslar davom etmoqda.
Bugun, 13 yanvar kuni Farruh Zokirov boshqaruvidagi O‘zbekiston ayollar futzal terma jamoasi o‘z ishtirokini Filippin termasiga qarshi o‘yin bilan boshlaydi. Uchrashuv mahalliy vaqt bilan soat 15:00 da start oladi. Shuningdek, guruhda Quvayt va Avstraliya terma jamoalari ham o‘zaro raqobatlashadi. Bu turda Turkmaniston dam oladi.
Hozirda “S” guruhida Avstraliya va Filippin bittadan g‘alaba qozongan holda 3 ochko jamg‘arib, 1-2 o‘rindan joy olgan bo‘lsa, Turkmaniston va Quvayt terma jamoalari mag‘lubiyat evaziga ilk turdanoq ochko yo‘qotdi.
Ma’lumot o‘rnida: saralash natijalariga ko‘ra, to‘rt guruhda dastlabki ikki o‘rinni egallagan jamoalar va eng yaxshi bitta 3-o‘rin sohibi 2025 yilning 7-18 may kunlari Xitoyda o‘tkaziladigan qit’a musobaqasining final bosqichiga yo‘l oladi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA