Futzal bo‘yicha Osiyo kubogi start oldi
Bugundan futzal jamoatchiligining diqqat e’tibori Indoneziya poytaxti Jakarta shahriga qaratiladi. Shu yilning 27 yanvar sanasidan 7 fevralga qadar bo‘lib o‘tadigan Osiyo kubogi bahslari futzal ishqibozlariga unutilmas lahzalarni tortiq etishi shubhasiz.
Dunyoning eng yirik Malay arxipelagida joylashgan, 17,5 mingdan ortiq orol hamda Yangi Gvineya orolining g‘arbiy qismini o‘z ichiga olgan ushbu mamlakat hududi 1 million 904,6 ming kvadrat kilometrni tashkil etadi.
So‘lim tabiatga ega Indoneziya mamlakati futzal bo‘yicha Osiyo kubogi bahslariga ikkinchi bor mezbonlik qilyapti. Bundan avval 2002 yilda qit’a chempionati aynan shu mamlakatda o‘tkazilgan edi. Oradan 24 yil o‘tib, Osiyo futzalchilari yana Indoneziyada jam bo‘ladi.
2026 yilgi Osiyo kubogi uchrashuvlarini qabul qilish uchun Jakarta shahridagi ikki yirik sport inshooti — Indoneziya Arena va Jakarta Xalqaro Volodromi tayyor holatga keltirilgan.
Poytaxt markazida qad rostlagan Indoneziya Arena 2023 yil 7 avgust kuni rasman foydalanishga topshirilgan bo‘lib, 16 500 tomoshabinga mo‘ljallangan zamonaviy va universal sport majmuasi hisoblanadi.
Jakarta Xalqaro Volodromi esa poytaxtning sharqiy qismida, Ravamangun hududida joylashgan. Mazkur inshoot 2018 yilgi Osiyo o‘yinlari doirasida barpo etilgan bo‘lib, 8 500 tomoshabinni qabul qilish imkoniyatiga ega.
Musobaqa taqvimiga ko‘ra, Osiyo kubogi–2026 ning “A” va “C” guruhlari uchrashuvlari Indoneziya Arenada, “B” va “D” guruhlari bahslari esa Jakarta Xalqaro Volodromida o‘tkaziladi. Shu tariqa, O‘zbekiston terma jamoasining guruh bosqichidagi barcha uchrashuvlari poytaxt markazidagi Indoneziya Arenada bo‘lib o‘tadi. Guruh bosqichining bir paytda boshlanadigan 3-tur uchrashuvlarida ham O‘zbekiston terma jamoasi Indoneziya Arenada maydonga tushadi. Guruhdagi ikkinchi uchrashuv esa Jakarta Xalqaro Volodromida tashkil etiladi.
Darvoqe, hamyurtlarimiz ushbu turnirdagi yurishini ertaga Tojikistonga qarshi bahs bilan boshlaydi. “You Tube” kanalimizga joylangan videoda ushbu turnir haqida bir qator qiziqarli ma’lumotlar berganmiz. Tomosha qiling.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/cXHsZw4u6mg" title="Bugundan futzal jamoatchiligining diqqat e’tibori Indoneziya poytaxti Jakarta shahriga qaratiladi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Karim Xudoyqulov, Anvarxo‘ja Ahmedov, O‘zA