Futbol: Shiddatli o‘yinning chiroyli yakuni yaqin
Bugun, 7 mart kuni 20 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi Osiyo kubogi guruh bosqichining 3-tur bahslari bo‘lib o‘tadi.
Ravshan Haydarov bosh murabbiyligidagi O‘zbekiston terma jamoasi bugun Indoneziya termasiga qarshi maydonga tushadi. “A” guruhidagi ushbu uchrashuv Farg‘onadagi “Istiqlol” stadionida tashkil etiladi.
Mazkur guruhdagi Iroq-Suriya o‘yin poytaxtimizdagi “Lokomotiv” stadionida o‘tkaziladi.

Aytish lozimki, 2-tur o‘yinlaridan keyin Suriya va Iroq jamoalarini mag‘lub etgan mamlakatimiz futbol jamoasi “A” guruhida 6 ochko bilan yakka peshqadam bo‘lib turibdi.

Voqealar rivojidan oldinga o‘tib fikr yuritadigan bo‘lsak, agar O‘zbekiston o‘z guruhida 1-o‘rinni egallasa, unda “B” guruhidagi ikkinchi jamoa bilan ro‘baro‘ keladi. Bu jamoa hozirda mazkur guruhda 2-o‘rinda borayotgan Avstraliya jamoasi bo‘lishi mumkin. “A” guruhidagi 2-o‘rin sohibi “B” guruhi g‘olibiga qarshi maydonga tushadi.
Natijalar qay tarzda ko‘rinish hosil qilishidan qat’i nazar futbolchilarimiz keyingi bosqich masalasini hal etganligi e’tiborli ekanligini ta’kidlagan holda shiddatli o‘yinning chiroyli yakuni bo‘lishini kutib qolamiz, albatta.

Bugun, shuningdek, “Istiqlol” stadionida Vetnam – Eron, “Jar” stadionida Qatar – Avstraliya uchrashuvlari o‘tkaziladi.
Ertaga, 8 mart kuni esa “Lokomotiv” stadionida “S” guruhidagi Iordaniya – Ummon, “Bunyodkor” stadionida J.Koreya – Tojikiston o‘yinlari bo‘lib o‘tishi kutilmoqda.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA