Fuqaroning buzilgan huquqlari tiklandi
Mamlakatimizda inson huquq va manfaatlari davlat tomonidan ishonchli himoya qilib kelinmoqda. Konstitutsiyamizda har bir shaxs mehnat qilish, erkin kasb tanlash, adolatli mehnat sharoitlarida ishlash, mehnatiga yarasha ish haqi olish hamda qonunda belgilangan tartibda ishsizlikdan himoyalanish huquqiga ega ekani alohida ta’kidlangan.
Shunga qaramasdan, ayrim ish beruvchilar tomonidan xodimlarga ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlarni o‘z vaqtida to‘lamaslik holatlari kuzatilmoqda.
Majburiy ijro byurosi Navoiy viloyat boshqarmasi tomonidan ish haqini undirish to‘g‘risidagi hujjatlarning o‘z vaqtida bajarilishini ta’minlash, fuqarolarning buzilgan huquqlarini tiklash borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, Fuqarolik ishlari bo‘yicha Karmana tumanlararo sudi tomonidan berilgan ijro varaqasiga asosan qarzdor “B.” MCHJdan undiruvchi R.I. foydasiga 29,4 million so‘m miqdorida ish haqini undirish to‘g‘risidagi ijro hujjati asosida Byuroning Qiziltepa tuman bo‘limi tomonidan tegishli choralar ko‘rildi.
Amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida ish haqi to‘liq undirilib, fuqaroning buzilgan huquqlari tiklandi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri