Fuqarolarga nogironlik pensiyasini tayinlash tartibi soddalashtiriladi
Senatning Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi majlisida “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi qonunga pensiya tayinlash tartibini yanada takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritish haqida”gi qonun dastlabki tarzda muhokama qilindi.
Qonun bilan fuqarolarga nisbatan nogironlik belgilanganda ulardan murojaat talab etilmagan holda (proaktiv shaklda) pensiya tayinlanishi belgilanmoqda.

Nogironlik pensiyasi tayinlanganidan keyin fuqaro kamida bir yil ish stajiga ega bo‘lganda tayinlanadigan pensiya miqdori har ikki yilda bir marotaba fuqarodan murojaat talab etilmagan holda (proaktiv shaklda) qayta hisoblanishi mustahkamlanmoqda.

Qonunchilikka chegirmalar qilinganidan keyin to‘lanadigan pensiya miqdori rasman belgilangan eng kam iste’mol xarajatlaridan oz bo‘lishi mumkin emasligini nazarda tutuvchi qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

Senatorlar ushbu o‘zgartirishlar fuqarolarga nogironlik pensiyasini tayinlash tartibini soddalashtirish va ularga ushbu sohada ko‘rsatilayotgan davlat xizmatlari sifatini yanada oshirishga xizmat qilishini ta’kidladi.
Qonunni navbatdagi yalpi majlis kun tartibiga kiritish yuzasidan qaror qabul qilindi.
N.Abduraimova,
O‘zA