Fuqarolar mehnatidan norasmiy foydalanganlik uchun javobgarlik choralari kuchaytirilishi mumkin
Mamlakatimizda kambag‘allikni qisqartirish, aholi bandligini va fuqarolarning mehnat huquqlari kafolatlarini ta’minlash hamda mehnat sohasidagi xalqaro standartlarni milliy qonunchilikka joriy etish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, mehnat va aholi bandligi to‘g‘risidagi qonunchilikni takomillashtirish, mehnatga oid munosabatlarni raqamlashtirish va soddalashtirish, norasmiy bandlikni qisqartirish, mehnat va mashg‘ulotlar sohasida tazyiq hamda zo‘ravonlikning oldini olish, xalqaro standartlarni milliy qonunchilikka implementatsiya qilish zarurati yuzaga kelmoqda.
Shu munosabat bilan ishlab chiqilgan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun Senatning Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi majlisida dastlabki tarzda muhokama qilindi.

Qonun bilan mehnat bozorida norasmiy bandlikni qisqartirish, fuqarolar mehnatidan norasmiy foydalanganlik uchun javobgarlik choralarini kuchaytirish, aholining ehtiyojmand toifalarini qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari va ishsizlik nafaqasini tayinlash tizimini takomillashtirishga oid o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Mehnat bozorida norasmiy bandlikni qisqartirish, fuqarolar mehnatidan norasmiy foydalanganlik uchun javobgarlik choralarini kuchaytirish, aholining ehtiyojmand toifalarini qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari va ishsizlik nafaqasini tayinlash tizimini takomillashtirishga oid tartiblar belgilanmoqda.

Majlisda mas’ul vazirlik va idoralar vakillari tomonidan ayrim taklif va tavsiyalar bildirildi. Jumladan, “Aholi bandligi to‘g‘risida”gi qonunda asosiy tushunchalar hamda Mehnat kodeksiga aholining ehtiyojmand qatlamini ishga joylashtirish masalalariga oid kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar yuzasidan aniq takliflar bildirildi.
N.Abduraimova,
O‘zA