Fuqaro jarimaga tortildi
Sirdaryo viloyatida ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha olib borilayotgan nazorat tadbirlari tobora kuchaytirilmoqda. Boyovut tumanida o‘tkazilgan navbatdagi reyd davomida qonunbuzarlik holati aniqlandi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, tumanning “G‘alaba” suv iste’molchilar uyushmasi hududida istiqomat qiluvchi fuqaro B.S sholi qoldiqlari bilan to‘ldirilgan yer maydonini yoqib yuborgan. Shuning natijasida havoga zararli moddalar tarqalishi, atrof-muhitning ifloslanishi va aholining sog‘lig‘iga xavf yuzaga kelishiga sabab bo‘lgan.
Ekologik nazorat inspektorlari tomonidan hodisa joyida rasmiy bayonnoma rasmiylashtirildi. O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 88-moddasi 3-qismi talablariga muvofiq, fuqaroga 1 million 236 ming so‘m miqdorida ma’muriy jarima qo‘llanildi.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, sholi qoldiqlari va qishloq xo‘jaligidagi boshqa organik chiqindilarni yoqish nafaqat havo sifatiga, balki tuproqning hosildorligiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Bunday xatti-harakatlar natijasida atmosferaga chiqadigan zararli birikmalar inson salomatligi uchun xavfli hisoblanadi.
Ekologlar aholini sholi qoldiqlarini yoqish o‘rniga ulardan kompost tayyorlash, tuproq unumdorligini oshirishda foydalanish yoki maxsus punktlar orqali ekologik jihatdan utilizatsiya qilishga chaqiryapti. Mutaxassislar fikricha, bunday yondashuv nafaqat tabiatni asrash, balki qishloq xo‘jaligi uchun ham manfaatli hisoblanadi.
Viloyat Ekologiya boshqarmasi bunday nazorat tadbirlari muntazam davom etishini, qonunbuzarliklar aniqlanganda qat’iy choralar ko‘rilishini ma’lum qildi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri