Fransiyada anomal issiq sabab suvda cho‘kib ketish holatlari keskin ortdi
Fransiyada oxirgi ikki oy davomida kuzatilayotgan anomal issiq to‘lqinlar oqibatida 300 ga yaqin inson suvda cho‘kib halok bo‘ldi. Bu haqda mamlakat sport vaziri Marina Ferrari “France Inter” radiosi efirida ma’lum qildi.
Uning ta’kidlashicha, joriy yil 19-iyundan beri 301 ta ko‘ngilsiz hodisa qayd etilgan bo‘lib, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 14 foizga yuqoridir. Fojialar asosan ochiq suv havzalarida, xususan, kanallar va shaxsiy basseynlarda sodir bo‘lmoqda.
Yozgi beshinchi issiqlik to‘lqini sabab mamlakatning 78 ta hududida “zarg‘aldoq” (xavfli) ob-havo darajasi e’lon qilindi. Rasmiylar aholini ko‘proq suv iste’mol qilishga, kunduzi jismoniy zo‘riqishlardan qochishga hamda yashash joylarini shamollatib turishga chaqirmoqda.
Shu bilan birga, anomal issiqdan aziyat chekayotganlar soni ortgani bois shifoxonalar va tibbiyot xodimlariga tushayotgan og‘irlik keskin oshgan bo‘lib, mutaxassislar mavjud vaziyatni koronavirus pandemiyasi davri bilan qiyoslashmoqda.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA