Fransiya elchisi: “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi bilan hamkorlik qilamiz
Fransiya Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Valid Fuk Farg‘onadagi “Inson” ijtimoiy xizmatlar markaziga tashrif buyurdi. Mazkur tashrif ikki davlat o‘rtasida ijtimoiy himoya sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, tajriba almashish va yangi tashabbuslarni muhokama qilish nuqtai nazaridan muhim ahamiyat kasb etdi.
Ijtimoiy himoya milliy agentligining viloyat boshqarmasi boshlig‘i Saidfarrux Islomov va “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi direktori Lolaxon Kadirova elchiga agentlikning asosiy maqsad va vazifalari, aholining ehtiyojmand qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar, shuningdek, sohada olib borilayotgan islohotlar haqida batafsil ma’lumot berdilar, deb xabar beradi boshqarmasi axborot xizmati o‘zining telegram kanalida. Bunda ijtimoiy xizmatlarni manzilli va samarali yetkazish, zamonaviy yondashuvlar asosida xizmat ko‘rsatish sifatini oshirishga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.
O‘z navbatida, elchi Valid Fuk Fransiyada amal qilayotgan ijtimoiy himoya modeli haqida qisqacha ma’lumot berib, ushbu tizimda davlat va jamoat tashkilotlari o‘rtasidagi hamkorlik, ijtimoiy xizmatlarni raqamlashtirish va aholiga yaqinlashtirish tamoyillari muhim o‘rin tutishini ta’kidladi. U Fransiya elchixonasi Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Farg‘onadagi “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada mustahkamlash, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va ilg‘or tajribalarni almashishga tayyor ekanini mamnuniyat bilan bildirdi.
Fransiya elchisi markaz faoliyati bilan yaqindan tanishib, xodimlar uchun yaratilgan sharoitlar va aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatiga yuqori baho berdi.
Muhammadjon Obidov, O‘zA