Fransiya elchisi “BMB Holding”da
Fransiya Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Valid Fuk Jizzax viloyatiga tashrifi doirasida “BMB Holding” tarkibiga kiruvchi “BMB-NRC Agrologistics” hamda “BMB Agro Plus” korxonalari faoliyati bilan tanishdi. Mazkur tashrif O‘zbekiston–Fransiya o‘rtasida agrosanoat, qayta ishlash va eksport yo‘nalishlaridagi amaliy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish nuqtai nazaridan ahamiyatli bo‘ldi.
Xolding Ta’sischilar kengashi a’zosi Aziz Mamatqulov ishtirokida bo‘lib o‘tgan muloqotda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlash, qo‘shimcha qiymat zanjirini kengaytirish va Yevropa bozorlariga chiqish imkoniyatlari muhokama qilindi. Ta’kidlanganidek, korxonalarda xalqaro oziq-ovqat xavfsizligi standartlariga muvofiq ishlab chiqarish va qayta ishlash tizimi yo‘lga qo‘yilgani eksport geografiyasini kengaytirish uchun mustahkam zamin yaratmoqda.
[gallery-27713]
Elchiga joriy etilgan zamonaviy agrologistika tizimi — mahsulotlarni saralash, saqlash, qayta ishlash va xalqaro talablar asosida qadoqlash jarayonlari atroflicha tanishtirildi. Xalqaro standartlarga javob beradigan laboratoriya, sifat nazorati hamda eksport oldidan sertifikatlash tizimi mehmon tomonidan yuqori baholandi. Bu omillar mahsulotlar raqobatbardoshligini ta’minlashda hal qiluvchi ahamiyat kasb etayotgani qayd etildi.
Suhbat chog‘ida Fransiya kompaniyalari bilan texnologik hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, ilg‘or qayta ishlash uskunalarini jalb etish va o‘zaro investitsiya loyihalarini amalga oshirish istiqbollari ham ko‘rib chiqildi. Shu nuqtai nazardan, xususiy sektorning faolligi va innovatsion yondashuvlar Jizzax viloyatining investitsiyaviy jozibadorligini oshirayotgani ta’kidlandi.
Tashrif yakunida Valid Fuk hududda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar samara berayotganini, agrosanoat sohasida eksportbop mahsulotlar ulushi izchil ortib borayotganini alohida qayd etdi. U ikki davlat ishbilarmon doiralari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni kuchaytirish, yangi investitsiya tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va texnologik sheriklikni kengaytirish muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
A. Qayumov, J. Yorbekov (surat),
O‘zA muxbirlari