Fransiya bilan hamkorlikda ta’lim sohasida zamonaviy dasturlar amalga oshirilmoqda
Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri E’zoza Karimova boshchiligidagi delegatsiya Fransiyada xalqaro hamkorlik uchrashuvlarida ishtirok etmoqda.
Dastlab vazir Fransiyaning nufuzli nashriyoti Hachette Livre vakili — kengash a’zosi Seliya Rozentraub bilan muzokaralar o‘tkazdi. 2027-2030-yillarga mo‘ljallangan darsliklarni mahalliy xususiyatlarga moslashtirish yuzasidan ikki tomonlama hujjat imzolandi.

Shuningdek, kelgusida adabiyotlarni ishlab chiqarishda vazirlik tizimidagi nashriyotlar bilan hamkorlik qilish, fransuz tili o‘qituvchilarining malakasini oshirish yo‘nalishlaridagi ishlar belgilab olindi.
Vazir E’zoza Karimova Kokoro Lingua kompaniyasi asoschisi Natali Lasselin bilan ham uchrashdi.

Muloqotda hamkorlikdagi dastur jarayonini monitoring qilish, bolalarni maktabga tayyorlov guruhlari uchun yangi dastur ishlab chiqish, tarbiyachilarni sertifikatlash mexanizmi hamda “Kelajak” markazlarida fransuz tili to‘garaklarini pilot tarzda yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi.


Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA