"Anadolu": Turkiya xalqaro turizm reytingida yuqoriladi
Turkiya Jahon iqtisodiy forumining (WEF) 2026-yilgi Sayohat va turizmni rivojlantirish indeksida 36 o‘rinni egallab, 2019-yilga nisbatan 11 pog‘ona yuqoriladi.
Axborot hamkorimiz - “Anadolu” AA xabar berishicha, bu haqda Turkiya madaniyat va turizm vaziri Mehmet Nuri Ersoy o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida ma’lum qilgan.
Vazirning ta’kidlashicha, mamlakatning indeksdagi umumiy bali 2019-yildagi 4,1206 dan 2026-yilda 4,3734 ga yetgan. Bu 6,1 foizlik o‘sishni anglatadi. 2024–2026-yillarda esa mazkur ko‘rsatkich 2,5 foizga oshgan.
Hisobotda Turkiyaning barqaror turizmni rivojlantirish tajribasi namunali amaliyot sifatida e’tirof etilgan. Xususan, turizmning ijtimoiy-iqtisodiy ta’siri ko‘rsatkichi 8,3 foizga yaxshilanib, mamlakat ushbu yo‘nalishda eng yuqori o‘sishga erishgan davlatlar orasida ikkinchi o‘rinni egallagan.
Shuningdek, 2022-yilda Global barqaror turizm kengashi (GSTC) bilan hamkorlikda yo‘lga qo‘yilgan Milliy barqaror turizm dasturiga alohida e’tibor qaratilgan. Dastur doirasida mamlakatdagi 2650 dan ortiq joylashtirish ob’ekti xalqaro sertifikat olgan.
Ersoyning qayd etishicha, Turkiya turizmdan olinadigan daromadni oshirish bilan birga, tabiiy va madaniy merosni asrash, mahalliy aholi farovonligini ta’minlash hamda sohaning xalqaro raqobatbardoshligini mustahkamlashga ustuvor ahamiyat qaratmoqda.
Hisobotda sayyohlar oqimini alohida hududlarda haddan tashqari jamlanishining oldini olish, turizm daromadlaridan mahalliy aholining kengroq bahramand bo‘lishini ta’minlash va sayyohlik hududlarida turmush sifatini yaxshilash muhim vazifalar sifatida ko‘rsatilgan.
Jahon iqtisodiy forumining rasmiy hisobotiga ko‘ra, indeks 110 ta iqtisodiyotni qamrab oladi va sayyohlar sonini emas, balki turizmning barqaror rivojlanishi uchun yaratilgan sharoitlarni baholaydi.
A.Mamatov, O‘zA