Fozilmon ko‘li – ona tabiat mo‘’jizasi
Nurota tabiati o‘ziga xos.
Tog‘lar, soylar, bepoyon adirlar, ko‘llar – tabiatning eng nodir “san’at namunalari” shu hududda jamuljam. Shulardan biri Fozilmon ko‘li. Bu ko‘lni “Sentobko‘l” deb ham atashadi. Tog‘lar orasidagi mazkur tabiat in’omi dengiz sathidan 1644 metr balandlikda joylashgan.
Suvi chuchuk. Ko‘lning uzunligi 300 metr, eni esa 50 metrni tashkil etadi. Chuqurligi 1,5 metrgacha boradi. Ushbu ko‘l faqatgina buloq hamda mavsumiy yomg‘ir va qor suvlari bilan to‘ladi. Ko‘lning flora-fauna olami xilma-xil bo‘lib, hayot tarzi yovvoyilashgan ot, kulrang g‘oz, yumronqoziq, ko‘l baqasi hamda shirmohi baliqlardan iborat. Bu yerdan uchib o‘tuvchi qushlar uchun mazkur keng maydon qishlashga juda qulay. Shu bois qish oylarida bu yerda turli yovvoyi qushlarni ham uchratish mumkin. Qish-qirovli kunlarda ko‘l yuzasi qalin muz bilan qoplanadi. Bahor kelishi bilan o‘t-o‘lanlar unib chiqib, atrofni yam-yashil gilam qoplaydi. Suv o‘tlari o‘sib chiqib, ko‘lning zumrad jozibasi yana o‘zgacha qiyofa kasb etadi. Yozning issiq kunlarida esa ko‘lning suv sathi biroz pasayadi. Fozilmon ko‘liga Sentobsoy orqali faqatgina piyoda yoki eshakda (otning yurishi qiyin) borish mumkin, xolos. Ertalab yo‘lga chiqqan kishi tushgacha yetib bora oladi. Yana shuncha yo‘l bosib ortga qaytish mumkin. Bu degani, Fozilmonni ko‘rish uchun kamida bir kun kerak. Sentobliklarning aytishicha, Fozilmon ko‘liga qadar qirqta tog‘ va qirqta jarlikdan o‘tish kerak. Albatta, yo‘l mashaqqati og‘ir. Ammo tabiatning mo‘’jizasini ko‘rib, asl go‘zallikdan bahra olsangiz, vujudingizni egallagan charchoq sizni bir zumda tark etadi. Qay bir faslda bormang, Fozilmon sizni o‘zgacha bir shukuh, go‘zallik, sirlilik bilan qarshi oladi.
[gallery-3261]
Siroj ASLONOV (surat), O‘zA