Forishlik mahalla kitobxoni aniqlandi
Jizzax viloyatining shahar va tumanlarida Respublika Ma’naviyat-ma’rifat markazi Jizzax viloyati bo‘limi, Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi, Forish tuman hokimligi va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlikda “Mahalla kitobxoni” respublika ko‘rik-tanlovining shahar va tuman bosqichlari bo‘lib o‘tmoqda.
Forishda o‘tgan “Mahalla kitobxoni” ko‘rik-tanlovining tuman bosqichi munozara va muhokamalarga boy bo‘ldi. Prezidentimizning 2017 yil 13 sentyabrdagi “Kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ib qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi to‘g‘risida” gi qarori kitobxonlik tadbirlarini tashkil etishda dasturilamal vazifasini o‘tamoqda.


“Mahalla kitobxoni” Respublika ko‘rik-tanlovining tuman bosqichida bellashuvning eng quyi – qishloq va mahalla fuqarolar yig‘inlari bosqichlarida g‘olib bo‘lgan 20 nafardan ortiq yigit-qizlar o‘zaro kuch sinashdi. Ko‘rik-tanlov ishtirokchilari – Jahon va o‘zbek adabiyoti durdonalarida ko‘tarilgan mavzular, “Men sevgan qahramon” obrazi talqini, asardan parchani yoddan o‘qib berish, asar mutolaa qilish kabi bir qator shartlar bo‘yicha bellashdi.
Ko‘rik-tanlovda “O‘zbekiston” mahalla fuqarolar yig‘ini sharafini himoya qilgan Alisher Arslonbekov mutloq g‘olib, deb topildi va ushbu ko‘rik-tanlovning viloyat bosqichiga yo‘llanma oldi. Tumandagi “Qo‘lba” MFYdan ishtirok etgan Nilufar Zafarova 2-, “Osmonsoy” MFYda yashovchi Sevinch Samandarova 3-o‘rinni egalladi. Bellashuv g‘olib, sovrindor va turli nominatsiya sohiblariga tashkilotchilarning faxriy yorliq hamda “Jahon va o‘zbek adabiyoti durdonalari kutubxonasi” javonidan o‘rin olgan asarlar to‘plami sovg‘a qilindi.


A.Qayumov, O‘zA