"Foizsiz kredit" va’da qilgan firibgarlar fosh etildi
So‘nggi vaqtlarda internet tarmoqlarida fuqarolarga foizsiz yoki juda kam foizli kredit olib berishni va’da qilib, ularning ishonchidan foydalanayotgan firibgarlar soni ortib bormoqda. Bunday shaxslar turli va’dalar, ishontirish va psixologik ta’sir usullari orqali fuqarolarni o‘z domiga ilintirmoqda.
Toshkent viloyati Ichki ishlar bosh boshqarmasi Axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi tezkor xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari davomida ana shunday usulda faoliyat yuritib kelgan jinoiy guruh fosh etildi.
Aniqlanishicha, jinoiy guruh a’zolari internet tarmoqlarida “foizsiz kredit olib beramiz” mazmunidagi turli e’lonlarni joylashtirgan. E’lonlarga qiziqish bildirgan fuqarolar esa oldindan ijaraga olingan, tashqi ko‘rinishi va jihozlanishi bilan ishonch uyg‘otuvchi ofislarga taklif qilingan. Shundan so‘ng ularga o‘z nomiga kredit rasmiylashtirib berish taklif etilgan. Fuqarolarni ishontirish maqsadida kreditning oylik to‘lovlarini guruh a’zolari o‘zlari amalga oshirishini, shuning uchun kredit oluvchiga hech qanday muammo tug‘ilmasligini va’da qilishgan.

Jumladan, fuqarolarga: “Sizning nomingizga 100 million so‘m kredit olib beramiz. Uning 50 million so‘mi sizga beriladi, qolgan 50 million so‘mi esa kompaniyada qoladi. Kreditning oylik to‘lovlarini o‘zimiz to‘lab boramiz, sizga hech qanday muammo bo‘lmaydi”, – deya ishontirilgan.
Ushbu va’dalarga ishongan fuqarolar o‘z telefonlari orqali kredit rasmiylashtirish jarayonini amalga oshirgan. Kredit mablag‘lari ajratilganidan so‘ng esa uning yarmi jinoiy guruh a’zolari tomonidan qo‘lga kiritilgan.
Tezkor-qidiruv tadbirlari davomida aniqlanishicha, shu tariqa 400 nafardan ortiq fuqaroning nomiga kreditlar rasmiylashtirilgan. Natijada ajratilgan mablag‘larning teng yarmi firibgarlar tomonidan o‘zlashtirilgan. Bu mablag‘larning umumiy miqdori qariyb 17 milliard so‘mni tashkil etgan.
Oradan ma’lum vaqt o‘tgach, kredit to‘lovlari amalga oshirilmagani sababli fuqarolarga banklar tomonidan kredit qarzdorligini undirish bo‘yicha talabnomalar yuborila boshlagan. Shundan so‘ng ular o‘z nomiga rasmiylashtirilgan kreditlar bo‘yicha qarzdor bo‘lib qolganini anglagan. Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Tergovga qadar tekshiruv va tezkor tadbirlar davomida jinoiy guruhning 6 nafar a’zosi gumonlanuvchi tariqasida ushlanib, qamoqqa olingan. Hozirda jinoyat ishi bo‘yicha tergov harakatlari davom ettirilmoqda. Holatga huquqiy baho berish va jinoiy guruhning boshqa ehtimoliy jinoiy qilmishlarini aniqlash bo‘yicha zarur protsessual tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Mutaxassislar fuqarolarni internetdagi “oson”, “foizsiz” yoki “kafolatlangan kredit” haqidagi shubhali takliflarga ishonmaslikka, shaxsiy ma’lumotlar va bank ilovalari orqali amalga oshiriladigan operatsiyalarda ehtiyotkor bo‘lishga chaqiradi.
A.Musayev, O‘zA muxbiri