Fizikaning yosh bilimdonlari Samarqandda
Samarqand shahrida Ahmad al-Farg‘oniy nomidagi II xalqaro fizika olimpiadasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Yoshlarning fizika faniga bo‘lgan qiziqishini oshirish, ularning ilmiy salohiyati va mantiqiy fikrlash qobiliyatini namoyon etish, shuningdek, turli mamlakatlar yoshlari o‘rtasida ilmiy hamkorlik va do‘stlik aloqalarini mustahkamlash maqsadida o‘tkazilayotgan ikkinchi olimpiadada dunyoning 20 ga yaqin mamlakatidan 200 nafar xorijlik yosh hamda O‘zbekistondan 100 nafarga yaqin o‘quvchi ishtirok etmoqda. Ilk bor 2021-yilning noyabr oyida Farg‘ona shahrida o‘tkazilgan xalqaro tanlovda 15 dan ortiq davlatdan o‘quvchilar qatnashgan edi.

Tantanali marosimda Samarqand viloyati hokimi o‘rinbosari Husan To‘xtayev, ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi direktorining o‘rinbosari Hasan Shokirov so‘zga chiqib, olimpiada ishtirokchilarini qutladilar.

Shundan so‘ng fan olimpiadalari markazi direktori Turaboy Shermatov va boshqa mas’ullar razmiy tugmani bosib olimpiadaning rasman ochilganini e’lon qildilar.

17-oktabrga qadar davom etadigan olimpiada doirasida iqtidorli yoshlar o‘z bilimlarini namoyon etib, yangi tajriba va taassurotlarga ega bo‘ladilar.
G‘.Hasanov,
O‘zA muxbiri