Firibgar ayolning rejasi ish bermadi
Haydovchilik guvohnomasi olib berishni va’da qilgan yana bir firibgar qo‘lga tushdi. Bu haqida Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi axborot xizmati ma’lum qildi.
Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi hamda boshqa huquq-tartibot organlari xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazildi. Tadbir davomida Navoiy viloyati Qiziltepa tumanidagi “Jahon-Ziyo trans” nodavlat ta’lim muassasasi avto maktabi kotibasi Navoiy viloyati Qiziltepa tumani Qasriashurak mahallasida yashovchi, 1986 yilda tug‘ilgan fuqaro E.G. ismli ayol, fuqaro L.T. ni “B” toifali haydovchilik guvohnomasi olib berish va guvohnoma olish uchun bo‘ladigan imtihondan vakolatli tanishlari orqali o‘tkazish uchun pora berishga dalolat qilgan.
Natijada firibgarlik yo‘li bilan 700 AQSH dollari talab qilib, 2023 yil 5 iyun kuni soat 10:50 larda Buxoro shahar B.Naqshband ko‘chasida kelishilgan pullarni olgan vaqtida, ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.
Mazkur holat yuzasidan fuqaro E.G. ismli ayolga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 168-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirgi kunda uning yana necha fuqarolarga nisbatan xuddi shu turdagi jinoyatlarni sodir qilganligini aniqlashga qaratilgan tezkor surishtiruv hamda tergov harakatlari davom ettirilmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA