Finlyandiya va Estoniyaning ilg‘or ta’lim tajribalari o‘rganilmoqda
Shu kunlarda Toshkent shahar hokimligi delegatsiyasi a’zolari Finlyandiya va Estoniya Respublikalarining poytaxt shaharlarida ta’lim, yoshlar siyosati hamda ijtimoiy himoya yo‘nalishlarida yo‘lga qo‘yilgan ilg‘or tajribalarni o‘rganish maqsadida mazkur davlatlarga xizmat safarini amalga oshirmoqda.
Finlyandiyaning Xelsinki shahridan boshlangan safarning birinchi kunida delegatsiya Meri bolalar bog‘chasi hamda Vattuniyemi boshlang‘ich maktabi faoliyati bilan tanishdi.

Muloqot davomida Xelsinki shahrida ijtimoiy rivojlanish yo‘nalishida siyosiy qarorlar qabul qilish, moliyaviy ustuvorliklarni belgilash tizimi, bolalar bog‘chasi va maktab ta’limi modeli yuzasidan taqdimotlar o‘tkazildi.

Kunning ikkinchi yarmida Xelsinki shahrining strategik rivojlanish yo‘nalishlari, xususan, 2025 - 2029-yillarga mo‘ljallangan ustuvor vazifalar haqida taqdimotlar tashkil etildi.

Delegatsiya a’zolari 22-mayga qadar Finlyandiya va Estoniyada ta’lim, yoshlar siyosati hamda ijtimoiy himoya yo‘nalishlaridagi amaliy tajribalarni o‘rganib, Toshkent shahrida qo‘llash mumkin bo‘lgan samarali yondashuvlar bo‘yicha muloqotlar olib boradi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA