FIFA reytingi asosida Jahon chempionatining eng kuchli va eng kuchsiz guruhlari aniqlandi
Reyting koʻrsatkichlariga koʻra, mundial ishtirokchilari roʻyxati Fransiya terma jamoasidan boshlanib, Yangi Zelandiya bilan yakunlanadi.
FIFA tomonidan 2026-yilning may oyida eʼlon qilingan yangilangan reyting asosida futbol boʻyicha boʻlajak Jahon chempionatida ishtirok etuvchi 48 ta terma jamoaning oʻrni va guruhlarning oʻrtacha darajasi tahlil qilindi.
Reyting koʻrsatkichlariga koʻra, mundial ishtirokchilari roʻyxati Fransiya terma jamoasidan boshlanib, Yangi Zelandiya bilan yakunlanadi (1-oʻrindan 85-oʻringacha). Tahlillar natijasida guruhlardagi jamoalarning reyting darajasi boʻyicha kutilmagan koʻrsatkichlar qayd etilgan.

Eng kuchli va eng kuchsiz guruhlar
Reyting ochkolari va egallab turgan oʻrinlari boʻyicha (koʻrsatkich qanchalik past boʻlsa, jamoa shunchalik kuchli) «D», «F» va «I» guruhlari eng yuqori darajadagi guruhlar sifatida qayd etildi.

Aksincha, «B» guruhi turnirning eng past koʻrsatkichga ega guruhi boʻlib chiqdi. Kanada, Shvetsariya, Qatar hamda Bosniya va Gersegovina terma jamoalaridan tashkil topgan ushbu guruh oʻrtacha reyting ballari boʻyicha eng yomon natijani koʻrsatgan. Mazkur guruhdan FIFA reytingining kuchli 15 taligiga (Top-15) kiruvchi birorta ham terma jamoa joy olmagan.
Eslatib oʻtamiz, 48 ta terma jamoa ishtirok etadigan tarixiy Jahon chempionati joriy yilning 11-iyunidan 19-iyuliga qadar AQSH, Kanada va Meksika stadionlarida boʻlib oʻtadi.