FIFA muxlislar uchun yangi cheklov joriy qildi
“NBC News” yozishicha, futbol bo‘yicha jahon chempionati o‘yini payti stadionga qayta ishlatiladigan suyuqlik idishi olib kirish mumkin emas.
– FIFA o‘yinchi va tomoshabinlar jarohat olishi xavfini kamaytirish uchun idishdan foydalanishni taqiqladi, – dedi xalqaro boshqaruv idorasi vakili.
Darvoqe, turnir chog‘i Qo‘shma Shtatlar, Meksika va Kanadada issiqlik jiddiy muammo tug‘dirishi kutilyapti. Umuman, AQSHning ba’zi janubiy mintaqalarida iyun-iyul oralig‘i kunduzgi issiq muntazam ravishda 27-28°S va yanada yuqori darajaga ko‘tariladi.
FIFA stadionda muxlislar uchun haroratni pasaytirish uchun tashkiliy qo‘mita shahar bo‘limlari va mahalliy hokimiyat bilan yaqin hamkorlik qilmoqda.
– Majmua bo‘ylab suv purkagich, shamollatgich, ichimlik favvorasi, sovutish chodiri kabi turli qurilmalar hozirlandi, – deyilgan bayonotda.
Bunday o‘zgarish tomoshabinlar uchun joriy etilgan taqiq qoidasida keltirilgan 35 sahifali FIFA stadioni xulq-atvor kodeksida aks etgan. Avval mazkur hujjatga ko‘ra, maydonga 1 litrgacha bo‘sh, shaffof, qayta ishlatiladigan yelim idish olib kirish mumkin edi. Endi bu qoida yangilandi.
Irg‘itish natijasida jarohatlanish xavfini oshiradigan shisha, stakan, banka kabi buyumlar ham cheklov tarkibiga kiritilgan.
11-iyundan 19-iyulgacha davom etadigan 48 jamoa ishtirokidagi mazkur musobaqa davomida o‘yinning har ikki taymida uch daqiqalik alohida tanaffus beriladi.
Buyuk Britaniyada, Belfastdagi Qirolicha universitetida o‘tkazilgan tadqiqot ko‘rsatdiki, JCH o‘yinlari o‘tadigan 16 stadiondan 14 tasida harorat inson salomatligi uchun xavfli darajaga chiqishi mumkin. FIFA stadion qoidasida ayrim suyuqliklar uchun istisnoni nazarda tutadi. Muxlis bola uchun 1 litrgacha chaqaloq suti va sterillangan suv olib kirishi mumkin. Tibbiy asosga ko‘ra talab qilinadigan suyuqlikka ham ruxsat beriladi: 500 milligrammdan oshmasa va ingliz, fransuz yoki ispan tilida taqdim etilgan tibbiy ma’lumotnoma bilan tasdiqlangan bo‘lsa.
Xulq-atvor kodeksida stadionga qurol, mushak kabi buyumlar, shuningdek vuvuzela, hushtak, karnay va boshqa shovqin hosil qiladigan, haddan tashqari baland tovush chiqaradigan shar va qurilmalar olib kirish ham man etilgan.
G.Sattorova, O‘zA