Fidokorona mehnat e’tirofi
FOTOREPORTAJ
Jizzax viloyati Arnasoy tumanida “Vatan” xayriya jamoat fondi tashabbusi bilan tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda Xalq deputatlari mahalliy Kengashi deputatlari, davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari, mahallalar faollari ishtirok etdi.
Tadbirda “Vatan” xayriya jamoat fondi bo‘lim boshlig‘i Botir Sodiqov tumanda fan va ta’limni, aholi bandligini ta’minlash maqsadida tadbirkorlikni rivojlantirish, turizm yo‘nalishiga qo‘shimcha investitsiyalarni jalb qilish, xususiy sektor uchun qulay sharoit yaratish borasida amalga oshirilgan chora-tadbirlar xususida batafsil ma’lumot berdi. Investitsiya muhitini yanada yaxshilash, to‘g‘ridan to‘g‘ri investorlarni jalb etish orqali iqtisodiy barqarorlikni ta’minlash ishlariga alohida to‘xtaldi. Jumladan, Xitoy Xalq Respublikasining “Xuasin sement” va “Xong Don Li” kompaniyasi vakillari hamkorligida baliqchilikni rivojlantirish hamda qop ishlab chiqarish korxonalari faoliyati yo‘lga qo‘yilgani aholi bandligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etgani qayd etildi.
[gallery-17217]
Shundan so‘ng aholi oldidagi vazifasini vijdonan bajarib kelayotgan tuman hokimi Odil Musanovga O‘zbekiston “Veteran” jangchi-faxriylar va nogironlari birlashmasining “Fan va ta’limga qo‘shgan hissasi uchun” medali topshirildi. Shuningdek, yosh avlodni tarbiyalashdagi fidokorona mehnati hamda mamlakatimizda yuz berayotgan yangiliklarni ommaga yetkazishdagi faolligi uchun bir guruh xodimlar birlashma tomonidan “Vafo va sadoqat” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.
Jamshid YORBEKOV (surat), O‘zA