Festivalda yoshlar faol ishtirok etdi
Milliy gvardiya harbiy qism komandiri o‘rinbosari mayor Dilshod Hamroyev o‘zi tug‘ilib o‘sgan, Buxoro viloyati Olot tumani "G‘anchi Chandir" mahallasida vatanparvarlik festivali o‘tkazilishida tashabbus ko‘rsatdi.
Yangilanish va yasharish, mehr-muruvvat, tinchlik va ezgulik ramzi – Navro‘z ayyomi kunlarida Olot tumani "G‘anchi Chandir" mahallasida “Armiya va xalq bir tanu bir jondir” shiori ostida harbiy-vatanparvarlik tadbiri bo‘lib o‘tdi.


Tadbir Milliy gvardiya Buxoro viloyati bo‘yicha boshqarmasi, Qo‘riqlash boshqarmasi, viloyat harbiy gornizoni hamda mahalla faollari hamkorligida tashkil etildi. Tadbirda yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularni qo‘llab-quvvatlash, sport bilan shug‘ullanishlariga undash va vatanparvarlik hissini yanada rivojlantirish maqsadida bir qator ko‘rgazmali chiqishlar namoyish etildi.
Harbiy orkestr tomonidan ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar, faxriy qorovulning ko‘rgazmali chiqishlari, Milliy gvardiya xizmat itlari, ayniqsa, qo‘l jangi namoyishlari yoshlarda katta taassurot qoldirdi.


Tadbir doirasida, kamondan otish hamda ot sporti bo‘yicha mahorat darslari tashkil etildi.
–Ayni kunlarda yoshlarimizni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasining faoliyati yoshlar uchun ibrat maktabi vazifasini o‘tab, ularning ezgu tashabbuslari yoshlarga namuna bo‘lmoqda, – deydi Milliy gvardiya harbiy qism komandiri o‘rinbosari mayor Dilshod Hamroyev. – O‘tkazilgan festival yoshlarning Vatan himoyachisidek yuksak va sharafli kasb egalariga bo‘lgan qiziqishi yanada ortadi. Ayniqsa o‘zim tug‘ilib o‘sgan qishlog‘imda tadbirni tashkil etib, qishloq yoshlarini Vatan himoyachisi bo‘lishga da’vat etdim.


Festival doirasida turnikda tortilish, qisqa masofaga yugurish, mini futbol hamda belbog‘li kurash sport turlari bo‘yicha musobaqalar ham tashkil etildi.
G‘oliblar tashkilotchilarning diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Zarif Komilov, O‘zA