Fermer xayrli ishlar tashabbuskori
Farg‘ona viloyati Bag‘dod tumanida fermer Obidaxon opa Rahimova qishloq xo‘jaligi sohasi bilimdoni sifatida tanilgan.
Fermer opa paxta va g‘alladan har yili mo‘l hosil olib, jarayonga ilm va izlanish bilan yondashmoqda.
Xo‘jalik a’zolari salkam 50 gektar yerda paxta va g‘alla yetishtiradi. Bu yil tajriba tariqasida 6 gektar maydonda Xitoy paxta navi parvarishlanmoqda. Shuningdek, asalarichilik va chorvachilik xo‘jalikning yana bir serdaromad tarmog‘i hisoblanadi. Dala qozoni uchun zarur bo‘ladigan barcha meva-sabzavotlarni ham to‘liq o‘zlari yetishtiradi.

–Hozir oilalardan biridagi nizoli holatni ijobiy hal qilib keldim,–deydi opa chaman bo‘lib ochilayotgan paxta dalasidan bizga peshvoz chiqib.—Axir, o‘zim istiqomat qiladigan “Chekmirzaobod” MFYda “Oqila ayollar” harakati rahbariman. Buni qarang, paxtalarimiz lo‘ppi-lo‘ppi bo‘lib ochildi. Xitoy navi bizga juda ham ma’qul. Qishloq xo‘jaligi sohasiga ixtisoslashgan oliy ta’lim muassasalarini tugatgan farzandlarim Jasurbek va Jamshidbekning tavsiyasiga ko‘ra, yaqin yillarda to‘liq shu paxta navini ekishni rejalashtiryapmiz.

Mahalla oqsoqoli Rahmatali Abdurahmonov paxtachilik sohasida katta tajribaga ega. Fermer bilan birga dala aylanayotgan nuroniy otaxon opa haqida iliq fikrlarni bildirdi.
—Obidaxon mahalladagi xayrli ishlar tashabbuskori va homiysi,—deydi u.—Shu bois chekka hudud bo‘lishiga qaramay keyingi yillarda mahallamiz ko‘chalari asfalt qilindi, ichimlik suvi tarmog‘i tortildi, elektr ta’minoti yaxshilandi. Bu fermer hamisha kam ta’minlangan oilalar holidan xabar oladi.

Yaqinda viloyat hokimi Xayrullo Bozorov fermerning paxta dalasida bo‘lib, hosil salmog‘idan mamnun bo‘ldi. Kuzda rejalar bajarilib, xo‘jalikning shinam dala shiyponida hosil to‘yi o‘tkazilganda qatnashishga va’da berdi. Biz ham ushbu tashabbusni qo‘llab, opa bilan yaqin kunlarda yana ko‘rishish niyatida xayrlashdik.
M.Sulaymonov, O‘zA