Fermer – tolei baland dehqon
– Prezidentimiz rahnamoligida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar samarasida fermerlik harakati qishloqda yetakchi kuchga aylandi, – deydi O‘zbekiston Qahramoni, Jizzax tumanidagi “Quyoshsevar Parda” fermer xo‘jaligi rahbari Parda Ziyotov.
– Prezidentimiz rahnamoligida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar samarasida fermerlik harakati qishloqda yetakchi kuchga aylandi, – deydi O‘zbekiston Qahramoni, Jizzax tumanidagi “Quyoshsevar Parda” fermer xo‘jaligi rahbari Parda Ziyotov. – Bu agrar soha rentabelligining ortishi, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarish, qishloqda sanoatning rivojlanishi, aholi bandligini ta’minlash kabi muhim yo‘nalishlarda o‘z ifodasini topmoqda.Biz kecha kim edigu, bugun kim bo‘lganimizni o‘z hayotim misolida tushuntirib beraman.
...Otam dehqon o‘tgan. Umr bo‘yi dalada mehnat qilib, ro‘zg‘ordan bir narsa orttirolmagan. Sobiq tuzum davrida kolxoz brigadiri edim. Asosiy maqsad nima qilib bo‘lsa-da, rejani bajarish, bir amallab oilani tebratish edi. Boshqasi bilan hech kimning ishi bo‘lmasdi. Dehqonning kechagi kunini bugungi fermer bilan umuman taqqoslab bo‘lmaydi. Chunki fermer tirikchilik tashvishi bilan emas, yuksak orzular bilan yashayotgan va unga erishayotgan mulk egasi.
Bugungi fermer – haqiqiy mulkdor. U endi zamonaviy uy-joy, qo‘sha-qo‘sha mashina, o‘z texnikasiga ega. O‘zi farovon hayot kechirishidan tashqari, qishloqni obod qilish, kam ta’minlangan oilalarni moddiy qo‘llab-quvvatlashga hissa qo‘shayotir.
Xo‘jaligimiz tasarrufidagi 52 gektar maydonga nima ekishni, undan olingan daromadni qanday, nima maqsadda sarflashni o‘zim hal qilaman.
Prezidentimiz rahnamoligida ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklari faoliyati har tomonlama qo‘llab-quvvatlayotgani imkoniyatlarimizni yanada kengaytirdi. Paxta, g‘alla bilan birga oilamiz va xo‘jalik ishchilari ehtiyoji uchun yana bir necha ziroat ekamiz. Mahsulotning ehtiyojdan ortganini bozorga chiqaramiz. Fermerlikka o‘tganimizdan buyon paxta va g‘alla hosildorligini muttasil oshig‘i bilan bajarib kelayotirmiz. Shunga yarasha daromadimiz ham ko‘paymoqda. Har yili 2-3 quti pilla boqamiz. Bu tarmoqdan ham yaxshigina daromad kelmoqda.
Ixtiyorimizdagi har bir qarich yerdan avaylab-asrab foydalanayotganimiz tufayli unumdorlik yuqori. 20-yillar oldin yerlarimizning ball boniteti 50 balldan oshmasdi. Bugun bu ko‘rsatkich 66 ballni tashkil etmoqda. Mahalliy o‘g‘itlardan samarali foydalanish, paxta va g‘allani almashlab ekish tizimiga qat’iy amal qilayotganimiz evaziga hosildorlik ham, daromadimiz ham ortib bormoqda.
Mamlakatimizda fermerlarga lizing asosida texnika berish, imtiyozli kredit ajratish borasida yaratilayotgan imkoniyatlardan foydalanib, texnika parkimizni kengaytirdik. Haydov, yerga ishlov berish traktori, kombayn, xullas, barcha texnikamiz bor.
Xo‘jaligimizda 16 ishchi mehnat qiladi. O‘g‘lim Olimjonning dehqonchilikka qiziqishi katta. Xo‘jalikni yuritishdagi asosiy yordamchim shu. Kollejni bitirgan katta nabiram Alisher ham ota-bobosi kasbini tanlab, xo‘jaligimizga ishga keldi.
Fermerning topgani – elniki. Xo‘jaligimiz daromadidan qishloqni obodonlashtirish, ijtimoiy muassasalarni qo‘llab-quvvatlash, ehtiyojmand oilalarga moddiy ko‘mak berishga e’tibor qaratmoqdamiz.
Qishloqlarning qayta qurilishi dehqonga ko‘rsatilgan yana bir katta g‘amxo‘rlik bo‘ldi. Ushbu ish boshlangandan buyon viloyatimizdagi namunali uylarning 242 tasi bizning tumanda, jumladan, 20 tasi qishlog‘imizda barpo etildi. Tabiiy gaz va ichimlik suvi bilan ta’minlangan, shahardan qolishmaydigan sharoitlarga ega uy-joylar qishloq yoshlarining ona zaminga, dehqonchilik kasbiga mehrini oshirmoqda.
Kollejni bitirgan yoshlar qishlog‘imizdagi gilam ishlab chiqarish korxonasi hamda hunarmandlik, savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalarida ishlamoqda. Tumanda turli sanoat korxonalari soni ko‘payib borayotgani, tadbirkorlik rivojlanayotgani yoshlar va xotin-qizlarni ish bilan ta’minlashda qo‘l kelayotir.
Mehnat qilgan, aholi dasturxoni to‘kinligini ta’minlashga hissa qo‘shayotgan yurtdoshlarimiz xalqimiz hurmatiga sazovor bo‘lib, davlatimiz tomonidan munosib qadrlanmoqda. Men ham yurtimizdagi minglab tolei porloq fermerlardan biri ekanimdan faxrlanaman. Mehnatim qadrlanib, el orasida o‘z o‘rnim, so‘zim borligiga shukr qilaman. Prezidentimiz ta’kidlaganidek, elim deb, yurtim deb yonib yashash tuyg‘usi menga kuch-quvvat bag‘ishlaydi.