Faxriylarning ijtimoiy himoyasi yanada kuchaytiriladi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda “Faxriylar to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda faxriylarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, ularni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash hamda mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotida to‘la huquqli ishtirok etishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish borasida keng ko‘lami islohotlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, faxriylarning huquqlari va ijtimoiy himoyasini ta’minlash va bu borada davlat organlarining vakolatlarini aniq belgilash, ularning qonuniy manfaatlarini himoya qilish va ro‘yobga chiqarishda jamoat birlashmalari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, tashkilotlar hamda fuqarolar ishtirokini belgilovchi qonunchilikni tizimlashtirish muhim ahamiyat kasb etadi.

Mazkur qonun loyihasining asosiy maqsadi ham faxriylarni davlat va jamiyat hayotidagi munosib o‘rni va obro‘-e’tiborini ta’minlash, ularni ijtimoiy himoya qilishning tashkiliy, iqtisodiy va huquqiy asoslarini belgilashdan iborat.
Qonun loyihasida faxriylar toifalari va ularni belgilash tartibi, ularni huquqiy va ijtimoiy himoya qilish choralari ya’ni, imtiyozlar va kafolatlar nazarda tutilmoqda. Mazkur maqomni olgan fuqarolar ijtimoiy jihatdan himoya, soliq hamda pensiya imtiyozlaridan foydalanish kabi bir qator huquqlarga ega bo‘ladi.
Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, ushbu qonun loyihasining qabul qilinishi bilan faxriylarga beriladigan barcha imtiyoz va kafolatlar aniq belgilanadi va ularni ijtimoiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash yanada mustahkamlanadi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA