Faxriylar hayoti yoshlar uchun ibratdir
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Andijon akademik litseyida “Yangi O‘zbekiston – yangi ichki ishlar organlari” shiori ostida “Uch avlod uchrashuvi” tadbiri bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi “Vatan” xayriya jamoat fondi boshqaruvi, Andijon viloyati ichki ishlar boshqarmasi hamkorligida tashkil etilgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirda ichki ishlar tizimi faxriylari, hozirda faoliyat olib borayotgan xodimlar hamda litsey o‘quvchilari ishtirok etdi.
Tadbir ochilishida so‘z olgan Andijon viloyati IIB boshlig‘i o‘rinbosari, podpolkovnik Asilbek Rahmonov va boshqalar tomonidan xalqimiz uchun bebaho ne’mat yurtimiz tinchligi hamda osoyishtaligini ta’minlash borasida olib borilayotgan ishlar, bu borada ichki ishlar tizimi xodimlarining samarali faoliyati, ayniqsa, sohada uzoq yillar mehnat qilgan, ko‘pni ko‘rgan, katta hayotiy tajribaga ega keksa avlod vakillarining pand-nasihatlari muhim ekanligi alohida ta’kidlandi.
– Faxriylarning ibratli faoliyati va hayot yo‘li biz, ayniqsa, yoshlarimiz uchun mayoqdir, – deydi “Vatan” xayriya jamoat fondi ommaviy va tashkiliy ishlar bo‘limi boshlig‘i Botirjon Sodiqov. – Ulardan ibrat, saboq olib mehnat qilsak, yashasak hayotda hech qachon kam bo‘lmaymiz.
[gallery-7154]
Tadbirda ustoz va tajribali murabbiy sifatida salmoqli hissa qo‘shib kelayotgan faxriylarga minnatdorchilik bildirildi.
Samimiy muloqot, qiziqarli savol-javoblar tarzida o‘tgan uchrashuvda “Vatan” xayriya jamoat fondi raisi A.Abdumannopov, iste’fodagi polkovniklar A.Shelko, V.Golovin, D. Yusupov va boshqa ko‘plab faxriylar yosh xodim hamda o‘quvchilarga o‘zlarining hayotiy tajribalarini gapirib berdi. Yosh xodimlar, o‘quvchilarga faoliyatlari davomida o‘z ishining yetuk bilimdoni, fidoyi bo‘lib ishlash uchun nimalarga e’tibor qaratish muhimligi haqida hayotiy misollar asosida tavsiya va maslahatlar berdi.
Tadbirda bir guruh ichki ishlar tizimi faxriylarga “Vatan” xayriya jamoat fondining esdalik nishonlari va sovg‘alari topshirildi. IIV Andijon akademik litseyi o‘quvchilari tomonidan tayyorlangan badiiy dastur, she’riy chiqishlar tadbirga o‘zgacha fayz kiritdi. Tadbirdan so‘ng “Vatan” xayriya jamoat fondi boshqaruvi raisi boshchiligidagi bir guruh faxriylar va mutasaddilar Andijon shahridagi mehnat faxriylari xonadonlarida bo‘lib, ularning holidan xabar oldi.
F. UBAYDULLAEV,
Z. UMRZOQOV (surat),