Favqulodda vaziyatlarning oldini olishda dolzarb muammmolar muhokama qilindi
O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasida “Favqulodda vaziyatlardan ishonchli muhofaza qilishning milliy tajribasi: dolzarb muammolar va yechimlar” mavzusidagi respublika ilmiy-texnikaviy anjumani bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Prezidentimizning joriy yil 3-apreldagi “Favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish sohasida malakali kadrlar tayyorlash tizimini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash, favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish sohasida ilmiy-tadqiqot va innovatsion faoliyatni rivojlantirish, ilmiy ishlanmalarni amaliyotga keng tatbiq etish hamda zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega mutaxassislar tayyorlash tizimini takomillashtirish masalalari muhokama qilindi.
Qayd etilganidek, qarorda soha uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlashning yangi tizimini joriy etish bilan bir qatorda ilmiy tadqiqotlar va innovatsion faoliyatni zamon talablariga muvofiqlashtirish vazifalari ham belgilangan.
[gallery-31462]
Anjumanda akademiya boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari podpolkovnik Furqatjon Nazarov so‘zga chiqib, favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish tizimini takomillashtirishda ilmiy salohiyat va innovatsion yondashuvlarning ahamiyatiga alohida to‘xtalib, bugungi kunda iqlim o‘zgarishi, yirik yong‘inlar, suv toshqinlari, texnogen avariyalar, murakkab ishlab chiqarish jarayonlari va zamonaviy infratuzilma bilan bog‘liq xavflar favqulodda vaziyatlarning oldini olish tizimiga yangi talablarni qo‘yayotganini ta’kidladi.
Bunday yondashuvlar xavf yuzaga kelgandan keyin unga javob qaytarish bilangina cheklanib qolmasdan, xavflarni oldindan aniqlash va baholash, zamonaviy monitoring vositalaridan foydalanish, raqamli texnologiyalarni keng joriy etish hamda profilaktik choralarni kuchaytirishni nazarda tutishini qayd etib o‘tdi.
Shuningdek, muhokamalar davomida raqamlashtirish, zamonaviy monitoring texnologiyalari, yong‘in va qurilish xavfsizligi, sanoat hamda kimyoviy xavflarni boshqarish, aholini o‘z vaqtida ogohlantirish kabi yo‘nalishlar ham qamrab olindi. Muhimi, taqdim etilgan ilmiy ishlanmalar faqat nazariy izlanishlar bilan cheklanib qolmasdan, ularni amaliyotga joriy etish, favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularga javob qaytarish samaradorligini oshirish nuqtai nazaridan muhokama qilindi. Anjuman doirasida ilm-fan va amaliyot integratsiyasini mustahkamlashga qaratilgan muhim kelishuvlarga ham erishildi va favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilishning turli yo‘nalishlariga oid ilmiy izlanishlar va amaliy takliflar taqdim etildi.
Jumladan, FVV akademiyasi hamda O‘zbekiston texnologik metallar kombinati, Buxoro davlat texnika universiteti va Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universiteti o‘rtasida hamkorlik memorandumlari imzolandi. Mazkur hamkorlik doirasida ilmiy-tadqiqot va innovatsion loyihalarni rivojlantirish, ilmiy ishlanmalarni amaliyotga tatbiq etish, mutaxassislar tayyorlash hamda ilmiy salohiyatni mustahkamlashga qaratilgan ishlarni rivojlantirish ko‘zda tutilmoqda.
Anjuman yakunida ma’ruzalar yuzasidan savol-javob va fikr almashuvlar o‘tkazilib, muhokama qilingan masalalar bo‘yicha tegishli xulosalar shakllantirildi.
Gulnoza Boboyeva,
Asliddin Alijonov(surat), O‘zA