Farzandlar g‘alabasida ota-onalarning xizmati beqiyos
Ko‘pincha biz g‘olibni ko‘ramiz, ammo uning g‘alabasigacha bo‘lgan yo‘lni ko‘rmaymiz. Medalni ko‘ramiz, ammo unga eltgan mashaqqatni emas. Sahnadagi tabassumni ko‘ramiz, ammo o‘sha tabassum ortida turgan ko‘plab sinovlarni sezmaymiz.
Dunyoda shunday bir manzara borki, uning oldida eng baland minbarlar ham, eng qimmat mukofotlar ham oddiy ko‘rinib qoladi. Bu ota-onaning farzandi erishgan yutuqdan quvonib, ko‘zlariga yosh olgan lahzasidir. Chunki ota-ona uchun farzandining qo‘lida turgan medal shunchaki medal emas. U — tunlarning bedorligi, aytilgan nasihatlar, berilgan tarbiya, kutish, sabr va eng muhimi, farzandga bo‘lgan cheksiz ishonchning natijasi.
Bugun shaxmat olamida yurtimiz bayrog‘ini baland ko‘tarayotgan bir guruh yoshlarning yutuqlaridan ana shu haqiqatni yana bir bor his qilamiz. Kecha endigina katta orzular bilan shaxmat taxtasi qarshisiga o‘tirgan bolalar bugun xalqaro maydonlarda raqiblarini ortda qoldirib, olimpiada va jahon miqyosidagi musobaqalarda yuksak natijalarga erishmoqda. Ularning ayrimlari hali yosh bo‘lishlariga qaramay, nomi katta musobaqalar tarixida qayd etiladigan darajaga yetishdi. Bu natijalar bir kunda paydo bo‘lmagan. Har bir g‘alabaning ko‘z ilg‘amas tarixi bor. Bir qarashda oddiy ko‘ringan har bir mashg‘ulot ortida soatlar, kunlar, oylar va yillar turadi. Bola tengdoshlari bilan o‘ynayotgan paytda u shaxmat taxtasi oldida qolgan bo‘lishi mumkin. Boshqalar dam olayotgan mahalda u navbatdagi partiyasini tahlil qilgan. Yutqazgan kunlari ham bo‘lgan. Ko‘ngli tushgan paytlari ham. Ammo yonida “yana urinib ko‘r” deydigan insonlar bo‘lgan.
Yosh chempionning qo‘liga davlat mukofoti topshirilayotgan lahzani ko‘ramiz, ammo shu farzandning ilk qadamlaridan boshlab, uning ortidan yurgan ota-onaning zahmatini tasavvur qilishga har doim ham vaqt topavermaymiz. Aslida esa har bir katta yutuqning boshlanish nuqtasida bir oilaning ishonchi turadi.
Farzandini yaxshi niyat bilan voyaga yetkazayotgan ota-ona bugun qilayotgan mehnatining samarasini ertaga ko‘rishini biladi. Ammo bu yo‘lning qachon va qanday natija berishini hech kim aniq ayta olmaydi. Shuning uchun tarbiya sabr talab qiladigan eng katta sarmoyadir. Bugun ana shu sarmoyaning mevasini ko‘rayotgan ota-onalar bor.
Farzandi yuksak davlat mukofotini olayotganida, uning ko‘zlariga tikilib turgan ota-onaning holatini tasavvur qilish qiyin emas. Farzandi mukofotni davlat rahbarining qo‘lidan qabul qilayotgan lahzada ota-onaning ko‘zida paydo bo‘lgan yosh oddiy hayajon emas. Unda yillar davomida yig‘ilgan quvonch, faxr va “bolam uddaladi” degan so‘zsiz e’tirof mujassam.
Ular oddiy oilalardan chiqqan oddiy farzandlar. Ammo katta orzu bilan ulg‘aygan bu bolalar bugun o‘z oilasining quvonchini butun mamlakat quvonchiga ulashmoqda. Ularning yutug‘i ota-onasining xonadonidan chiqib, mahalla, shahar, yurt miqyosidagi faxrga aylanmoqda.

Davlat tomonidan berilayotgan yuksak mukofotlar, qimmatbaho sovrinlar, uy-joylar, avtomobillar bularning barchasi yoshlarning mehnatiga berilgan munosib e’tirof. Ammo ota-ona uchun bularning hammasidan ustun turadigan bir mukofot bor: farzandining kamolini ko‘rish. Chunki ota-ona farzandini dunyoga keltirar ekan, avvalo uning kelajagini o‘ylaydi. “Kim bo‘ladi?”, “Qanday inson bo‘lib ulg‘ayadi?”, “Elga nima beradi?” degan savollar uning qalbida yillar davomida yashaydi. Farzand ulg‘aygani sari bu savollarga uning amallari javob bera boshlaydi.
Bugun shaxmat taxtasi qarshisida o‘tirgan yoshlarimizning har bir g‘alabasida ana shu javobni ko‘rish mumkin. Ular bizga yana bir muhim haqiqatni eslatmoqda: bolaga berilgan yaxshi tarbiya va ta’lim hech qachon yo‘qolib ketmaydi. Balki uning natijasi darhol ko‘rinmas. Balki ota-ona bir necha yil kutishiga to‘g‘ri kelar. Ammo chin mehnat, to‘g‘ri yo‘l va mustahkam ishonch bir kun albatta o‘z so‘zini aytadi.
Bugun dunyoning nufuzli maydonlarida g‘olib bo‘layotgan yoshlarimiz kecha oddiy bolalar edi. Ularning qo‘lida medal emas, shaxmat donalari bor edi. Ularning ortida chempionlik tajribasi emas, ota-onasining umidi bor edi. Ana shu umid vaqt o‘tishi bilan natijaga aylandi. Shuning uchun ham buyuk insonlarning hayotiga nazar tashlaganimizda, ularning ortida ko‘pincha ko‘zga ko‘rinmaydigan, ammo eng katta mehnatni qilgan insonlarni ko‘ramiz. Farzandning ilk g‘alabasiga hammadan oldin ishongan, muvaffaqiyatsizligida undan yuz o‘girmagan, charchaganida dalda bergan, yiqilganida qo‘lidan tutgan inson — ota-ona.
Bugun yosh chempionlarning ko‘ksidagi medalga qarab, faqat g‘olibni emas, uning ortidagi oilani ham ko‘rish kerak. Chunki medal bir kunda qo‘lga kiritiladi. Ammo medalga loyiq farzandni voyaga yetkazish uchun yillar kerak bo‘ladi.
Bugungi yoshlarimizning yutuqlari ana shu yillarning javobidir. Ularning har bir g‘alabasi ortida bir oilaning sabri, bir ustozning zahmati, bir bolaning tinimsiz intilishi va unga bildirilgan ishonch bor. Eng muhimi, bu g‘alabalar hali yakun emas.
Bugun davlat mukofotini qo‘lida tutgan bola ertaga yangi marralar sari intiladi. Bugun olimpiada chempioni bo‘lgan yosh ertaga jahon maydonida yana bir tarix yozishi mumkin. Bugun ota-onasining ko‘ziga quvonch yoshini keltirgan farzand ertaga ularning nomlarini yanada balandlarga olib chiqishi ehtimoli bor. Shu ma’noda bugungi yutuqlar faqat erishilgan manzil emas, kelajakdagi yanada katta yo‘llarning boshlanishidir.
Ota-onaning eng katta boyligi ham, eng katta faxri ham farzandining mol-dunyosi emas. Uning odamlar orasidagi obro‘si, elga bergan foydasi, bilimga intilishi, o‘z mehnati bilan topgan o‘rni va kamolidir.
Farzandining yutug‘ini ko‘rib ko‘ziga yosh olgan ota-ona esa, ehtimol, shu lahzada butun umr qilgan mehnatining javobini olayotgandir. Shu bois bugun yosh chempionlarimizga qarab, bir narsaga yana bir bor amin bo‘lamiz: yaxshi niyat bilan ekilgan urug‘ning mevasi kechiksa ham, albatta keladi.
Ba’zan u medal bo‘lib, goh davlat mukofoti va xalqning olqishi bo‘lib qaytadi. Ammo ota-ona uchun uning eng go‘zal ko‘rinishi farzandining kamoli. Va bundan ortiq baxtni dunyodagi hech bir narsa bilan qiyoslayolmaydi.
Sanjarbek Hamidov,
O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a’zosi
O‘zA