Farmatsevtika mahsulotlarining davlat xaridi yagona elektron platforma orqali amalga oshiriladi
Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi hamda tibbiyot muassasalari vakillari ishtirokida mamlakatimizda farmatsevtika mahsulotlari bo‘yicha davlat xaridlarini amalga oshirishda shaffoflikni ta’minlashga qaratilgan vazifalarni bajarishga bag‘ishlangan yig‘ilishda so‘z yuritildi.
Yig‘ilishni Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosarlari Sherzod Muhamedov va Ilhomjon Umrzoqov olib bordi.
SSV matbuot xizmati xabariga ko‘ra, dori vositalari va tibbiy jihozlarning davlat xaridini ochiq, shaffof va samarali tashkil etish sog‘liqni saqlash tizimining muhim vazifalaridan hisoblanadi. Bu jarayonda zamonaviy elektron platformalardan foydalanish inson omilini kamaytirish, raqobat muhitini kengaytirish hamda davlat mablag‘laridan oqilona foydalanishga xizmat qiladi.
Tadbirda Farmatsevtika mahsulotlari elektron savdo platformasining (farma.uzex.uz) taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Joriy yilning mart oyidan boshlab platforma Andijon va Namangan viloyatlarida test rejimida ishladi. Endilikda esa respublikaning barcha hududlarida ishga tushiriladi. Barcha tibbiyot muassasalari uchun tashkil qilinayotgan trening mashg‘ulotlarida ularning vakillari platformadan foydalanishga o‘rgatilmoqda.
Elektron platformada elektron do‘kon, auksion, tender funksiyalari bo‘lib, davlat xaridlarining barcha bosqichlari raqamli tarzda amalga oshiriladi. Bu esa jarayonlarning ochiqligi va hisobdorligini oshiradi.
Davlat xaridlarini amalga oshirish uchun mas’ullar va tibbiyot muassasalari vakillari tomonidan ushbu yo‘nalishda yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar muhokama qilinib, ularning oldini olish borasida tizimni takomillashtirish bo‘yicha takliflar bildirildi.
Bunday tizimning yana bir muhim afzalligi xarid jarayonida adolatli raqobatni ta’minlashdir. Ko‘proq ishlab chiqaruvchi va yetkazib beruvchilar ishtirok etishi natijasida sifatli mahsulotlarni maqbul narxlarda xarid qilish imkoniyati kengayadi. Shu bilan birga, korrupsiya xavflari va manfaatlar to‘qnashuvining oldini olishga ham xizmat qiladi.
Natijada davlat xaridlarining shaffofligi ta’minlanadi, byudjet mablag‘laridan samarali foydalanishga erishiladi, aholi esa zarur dori vositalari bilan barqaror va sifatli ta’minlanishi uchun mustahkam asos yaratiladi.
Mohigul Qosimova, O‘zA