Farhod Tojiboyev: “Korxonamiz nafaqat Jizzax viloyati, balki mamlakat iqtisodiyoti rivojiga munosib hissa qoʻshadigan yirik sanoat korxonasiga aylanadi"
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivoji bilan tanishish maqsadida joriy yilning 10 fevral kuni Jizzax viloyatiga tashrif buyurdi.
Mazkur tashrif doirasida Jizzax viloyati sanoati rivojida muhim ahamiyat kasb etadigan 3 ta yangi korxona ish boshladi. Jizzax sanoat zonasidagi “Mono Electric” korxonasi shulardan biridir.
“Mono Electric” mas’uliyati cheklangan jamiyati shaklidagi O‘zbekiston – Turkiya qo‘shma korxonasi yiliga 1,5 ming turdagi 20 million dona elektr texnika mahsulotlari ishlab chiqarishga mo‘ljallangan. Kiritilgan 15 million AQSH dollarilik investitsiya evaziga ishlab chiqarish, yig‘ish va g‘iloflash sexlariga so‘ngi rusumdagi dastgohlar o‘rnatilgan. Plastmassadan tayyorlanadigan turli elektr qismlari ishlab chiqariladigan sex uchun granulla xomashyosi Janubiy Koreyadan, metall, ya’ni temir va misdan tayyorlanadigan elektr qismlari ishlab chiqarish sexi uchun xomashyolar Turkiya va Rossiyadan olib kelinadi.
[gallery-10658]
– Loyihaning ilk bosqichida 50 nafar jizzaxlik xotin-qizlar va yoshlarning bandligi ta’minlandi, – deydi “Mono Electric” MCHJ shaklidagi O‘zbekiston – Turkiya qo‘shma korxonasi rahbari Farhod Tojiboyev. – Keyingi bosqichda ish o‘rinlarini 350 nafarga yetkazamiz. Ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning asosiy qismi eksportga, bir qismini ichki bozorga chiqaramiz. bugungi kungacha ishlab chiqargan mahsulotimizni Qozog‘iston va Qirg‘iziston davlatlari buyurtma asosida sotib oldi. Bundan tashqari, Turkmaniston va tojikistonlik hamkorlar bilan ham shartnoma imzolanib, buyurtma olindi. Boshqa hamkorlarimiz bilan ham muzokaralar olib borilmoqda.
Korxona jamoasi yaqin kelajakda Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga a’zo va Janubiy Osiyo davlatlari bilan ham shartnomalar tuzib, buyurtma asosida mahsulot yetkazib berishni, xomashyoni mahalliylashtirishni rejalashtirgan.
Korxonada mehnat qilayotgan ishchi-xizmatchi va injiner-mexaniklar Turkiya davlatida malaka oshirib kelgan.
– Men “Ayollar daftari” ro‘yxatida turardim, – deydi mazkur korxona ishchisi Sharof Rashidov tumani “Qangli” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi E’tibor Akromova. – Bu yerda samarali mehnat qilishimiz uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Maxsus kiyim-bosh, issiq ovqat, 150 o‘rinli oshxona, dam olish xonalari xizmatimizda. Rahbarlarimiz, ishga kelib ketishimiz uchun tez kunda maxsus transport vositasi ajratilishi aytdi. Bu yerda mehnat qilayotganimdan o‘zim ham oila a’zolarimiz ham juda baxtiyor. Chunki “Ayollar daftari” ro‘yxatida chiqdim, men endi oila byudjetiga daromad keltiruvchi ishchiman va bundan juda ham xursandman.
Shu o‘rinda mazkur “Mono Electric” korxonasiga ishga qabul qilinayotganlarning asosiy qismi Jizzax viloyati bandlik bosh boshqarmasi bilan kelishilgan holda, ularning tavsiyalariga ko‘ra olinishini ham alohida ta’kidlash joiz.
– Joriy yilning 10 fevral kuni korxonamiz tarixida va jamoamiz a’zolari xotirasida unutilmas kun sifatida bir umrga muhirlandi, – deydi korxona rahbari Farhod Tojiboyev. – Loyiha to‘liq amalga oshirilgach “Mono Electric” MCHJ shaklidagi qo‘shma korxonamiz – nafaqat Jizzax viloyati, balki mamlakat iqtisodiyoti rivojiga munosib hissa qo‘shadigan yirik sanoat korxonasiga aylanadi.
A.QAYUMOV,
J.YORBEKOV (surat), O‘zA