Farg‘onaliklar Yangi yilni ko‘tarinki kayfiyatda qarshi olmoqda
FOTOREPORTAJ
Ayni kunlarda Farg‘ona viloyatida Yangi yil bayramini munosib kutib olish maqsadida keng ko‘lamli tayyorgarlik ishlari olib borildi. Farg‘ona shahri ko‘chalari bayramona tusga kirib, turli yoritish vositalari va bezaklar bilan chiroyli qiyofa kasb etdi. Bu manzaralar aholi qalbida bayramona kayfiyat uyg‘otib, ezgu niyat va shukronalik tuyg‘ularini mustahkamlamoqda.
Viloyatdagi korxona va tashkilotlar, ta’lim hamda tibbiyot muassasalari Yangi yil bayrami munosabati bilan bayramona bezatildi. Shuningdek, aholiga ko‘tarinki kayfiyat ulashish maqsadida viloyat bo‘ylab ommaviy sayillar tashkil etilmoqda. Shahar va tumanlar markazlari, aholi gavjum hududlarda Yangi yil archalari o‘rnatilib, turli madaniy-ma’rifiy tadbirlar, konsert dasturlari hamda tomoshalar o‘tkazilmoqda.
[gallery-26974]
Farg‘ona viloyatining barcha shahar va tumanlar markazlaridagi asosiy ko‘chalarda Qorbobo va Qorqiz, shuningdek, bolajonlar sevimli ertak qahramonlari ishtirokida bayram sayillari uyushtirilmoqda.
Xususan, viloyat markazidagi Ahmad Farg‘oniy nomidagi madaniyat va istirohat bog‘i, Islom Karimov nomidagi teatr-konsert saroyi hamda Ekoshahar hududida ulkan Yangi yil archalari qad rostlab, kun davomida va kechki paytlarda aholi uchun qiziqarli konsert dasturlari va tomoshalar namoyish etilmoqda.
Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA