Farg‘onalik ijodkorlardan bayramga tuhfa
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Farg‘ona viloyati bo‘limi Navro‘z bayramiga o‘ziga xos tuhfa tayyorladi. Bo‘limning moliyaviy ko‘magida 7 nafar ijodkorning kitobi nashr etilib, ixlosmandlarga taqdim qilindi.
bugungi shiddatli davrda ijodkorlar oldida juda katta vazifalar turibdi. Xalqimizning ma’naviy olamini boyitish, zamon qahramonlari obrazlarini yaratish, sara asarlarni o‘quvchilarga taqdim etish shulardan biridir. Farg‘onalik shoir va yozuvchilar bu borada doimo peshqadam bo‘lib, samarali faoliyat olib bormoqda. Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi tomonidan o‘tgan yilda 18 ta ijodkorning kitobi chop etildi. Koronavirus pandemiyasi bo‘lsada karantin talablari asosida adabiyot bayramlari, xalqimizning sevimli shoir va yozuvchilarining yubileylari o‘tkazildi. Iste’dodli yoshlarni kashf etish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, Erkin Vohidov nomidagi ijod maktabi o‘quvchilarining erishayotgan yutuqlari ham Farg‘ona adabiyotini umidli davomchilari borligidan dalolatdir.
Yozuvchilar uyushmasi a’zolari Hanifa Ummatqulovaning “Ishonch qo‘rg‘oni”, O‘ktamxon Soliyevaning “Opoqijon, opoqi”, iste’dodli yosh ijodkorlar Dilshoda Ergashevaning “Yurak tortmasi”, Dilnavoz Qo‘ldoshevaning “Ko‘nglimga ko‘chadi farg‘onagullar”, Munira Qo‘qonovaning “Quyoshga aylansa yuragim manim”, Mamlakat O‘ktamning “Vujudimga berkingan ko‘nglim”, Oqiljon G‘ofurovning “Mehrdan yaralgan dunyo” asarlari nashr etildi. Bu kitoblarni varaqlasangiz, badiiy ijodni taqdirining bir bo‘lagiga aylantirgan, hayotning mayda tashvishlaridan baland turib o‘ziga maslakdosh she’riyatini yaratayotgan ushbu shoir, yozuvchilarning iste’dodiga haqiqiy ma’noda oshno bo‘lasiz.
Marg‘ilon shahridagi Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limida bo‘lib o‘tgan mazkur yangi kitoblarning taqdimotida adabiyotshunos olimlar, taniqli ijodkorlar va adabiyot ixlosmandlari ishtirok etdi.
O‘zbekiston xalq shoiri Enaxon Siddiqova mamlakatimizda ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlar xususida so‘z yuritib, yangi chop etilgan kitoblar adabiyotimizni yanada boyitish, kitobxonlikni rivojlantirishga xizmat qilishini ta’kidladi.
Adabiyotshunos olimlar ijodkorlarning yangi kitoblaridagi she’r va nasriy asarlarning o‘ziga xos jihatlari xususida fikr-mulohazalarini bildirib, ularning ijodini alohida e’tirof etdi. Ishtirokchilarga kitoblar taqdim qilindi.
[gallery-1676]
M. Sulaymonov,
M. Qodirov(surat)
O‘zA