Farg‘onada zamonaviy urologik jarrohlik imkoniyatlari kengaymoqda
FOTOREPORTAJ
Respublika ixtisoslashtirilgan urologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Farg‘ona filialida yuqori texnologik va kam invaziv jarrohlik amaliyotlari yo‘lga qo‘yilmoqda.
Jumladan, yaqinda prostata bezining yaxshi sifatli giperplaziyasini davolashda qo‘llaniladigan HoLEP — kam invaziv jarrohlik usuli amaliyotga joriy etildi. Ushbu usulning muhim jihati shundaki, amaliyot tashqi kesishsiz, tabiiy siydik yo‘llari orqali bajariladi.
[gallery-31179]
Filialda, shuningdek, bukkal uretroplastikaning «Double Face» usuli, ikki tomonlama ureterotsistoneoanastomoz, transuretral rezeksiya kabi murakkab jarrohlik amaliyotlari ham o‘zlashtirilgan.
Yaqinda Farg‘ona tumani markaziy shifoxonasida filial mutaxassislari mahalliy jarrohlar bilan hamkorlikda uch nafar bemorda siydik chiqarish yo‘li torayishini bartaraf etishga qaratilgan bukkal uretroplastika amaliyotini o‘tkazdi.
Mutaxassislar malakasini oshirishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Filial shifokorlari Rossiya va Hindistondagi nufuzli tibbiyot muassasalarida malaka oshirib, laparoskopik, endoskopik va rekonstruktiv urologiya yo‘nalishlarida ilg‘or tajribalarni o‘zlashtirib qaytdi.
Markaz klinik laboratoriyasida spermogrammani chuqur tekshirish, DNK asosida tahlillar o‘tkazish, shuningdek, buyrak va siydik yo‘llarida hosil bo‘ladigan toshlarning mineral tarkibini aniqlash imkoniyati yaratilgan.
Filialda ko‘p marotaba davolanishga muhtoj bemorlar uchun imtiyozli dastur ham joriy etilgan. Unga ko‘ra, bemorlar shifokor ko‘rigi, laboratoriya tahlillari va UZI tekshiruvlaridan navbatsiz o‘tish imkoniyatiga ega.
Zamonaviy texnologiyalar va ilg‘or diagnostika usullarining amaliyotga keng tatbiq etilishi, malakali mutaxassislar salohiyatidan samarali foydalanish Farg‘ona viloyati aholisiga ko‘rsatilayotgan ixtisoslashtirilgan urologik tibbiy yordam sifatini oshirishga xizmat qilmoqda.
Muqimjon QODIROV(surat),O‘zA