Farg‘onada yilning eng yaxshi axborot-kutubxona mutaxassisi aniqlandi
FOTOREPORTAJ
Ahmad Farg‘oniy nomidagi Farg‘ona viloyati axborot-kutubxona markazida “Yilning eng yaxshi axborot-kutubxona mutaxassisi” ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichi o‘tkazildi. Unda viloyat, tuman va shahar axborot-kutubxona markazlaridan 13 nafar mutaxassis ishtirok etdi.
Tanlov ishtirokchilarning kasbiy bilim va mahoratini baholashga qaratilgan to‘rtta shart asosida o‘tkazildi. Unda kitoblarni interaktiv usullarda targ‘ib qilish, “Bahribayt” bellashuvi, kutubxonalarda amalga oshirilgan loyihalar taqdimoti hamda test sinovlari tashkil etildi.
Mazkur shartlar orqali ishtirokchilarning kitobxonlikni zamonaviy usullarda targ‘ib etish, axborot texnologiyalaridan samarali foydalanish, tezkor va mantiqiy fikrlash, notiqlik mahorati hamda kasbiy bilimlari baholandi.
Test sinovi Respublika axborot-kutubxona markazi tomonidan onlayn tarzda tashkil etildi. Tanlov jarayonining ochiq va shaffof o‘tishini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Milliy kutubxonasi vakillari ZOOM platformasi orqali jarayonni kuzatib bordi.
[gallery-31647]
Yakuniy natijalarga ko‘ra, Farg‘ona viloyati axborot-kutubxona markazi mutaxassisi Feruza Maqsudova birinchi o‘rinni egallab, tanlovning respublika bosqichida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi. Beshariq tumani axborot-kutubxona markazi mutaxassisi Jahongir G‘aniyev ikkinchi, Quva tumani axborot-kutubxona markazi mutaxassisi Gulnoza Maxsitaliyeva uchinchi o‘rinni egalladi.
G‘olib va sovrindorlar faxriy yorliq hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA