Farg‘onada tibbiyot sohasiga malakali kadrlar tayyorlanadi
Har bir insonga salomatlikdan ko‘ra muhim, sog‘liqdan ko‘ra ko‘proq e’tibor beriladigan narsaning o‘zi yo‘q.
Koronavirus pandemiyasi davrida xalqimiz buni yanada teranroq tushunib yetdi. Sinovli kunlarda tibbiyot xodimlari kechayu kunduz fidoiylik bilan mehnat qilib, bemorlarga shifo ulashmoqdalar. Har birimiz tibbiyot xodimlarining mas’uliyatli va sharafli xizmati qadrini chuqurroq anglayapmiz.
Davlatimiz rahbarining joriy yil 7 aprelda “Tibbiy-sanitariya sohasida kadrlarni tayyorlash va uzluksiz kasbiy rivojlantirishning mutlaqo yangi tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Mazkur qaror tibbiyot sohasida malakali kadrlarni tayyorlash, tibbiyot xodimlariga bo‘lgan ehtiyojni qondirish, tibbiy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishda qator yangiliklarni o‘z ichiga olganligi bilan ahamiyatlidir.
Joriy yilda butun dunyoni egallab olgan koronovirus pandemiyasi sharoitida yuqori malakaga ega bo‘lgan tibbiyot xodimlariga bo‘lgan ehtiyoj juda sezildi. Bunda aholining sog‘lom qatlamini salomatligini saqlashga, yuqumli va yuqumli bo‘lmagan kasalliklar profilaktikasiga ham e’tibor qaratish dolzarb muammo bo‘lib qoldi. Davlatimiz rahbarining 3 dekabrdagi “Farg‘ona jamoat salomatligi tibbiyot institutini tashkil etish to‘g‘risida”shi qarori esa tibbiyot sohasida muhim yangilik bo‘ldi, desak yanglishmaymiz. Sog‘liqni saqlash, sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi sohasida yuqori malakaga ega oliy ma’lumotli kadrlarni tayyorlash, xodimlarni kasbiy rivojlantirish tizimini yanada takomillashtirish hamda tibbiyot tashkilotlari, shu jumladan, birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarini professional mutaxassislar bilan ta’minlash kabi ezgu maqsadlarga xizmat qiladi.
Yangi tashkil etilgan institut oldida juda ko‘plab vazifalar turibdi. Zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega mutaxassislar tayyorlash jarayoniga ilg‘or va masofaviy ta’lim texnologiyalarini keng joriy etish, yuqori malakali professor-o‘qituvchilarni jalb etish, elektron ta’lim resurslarini ishlab chiqish va amaliyotga tatbiq qilish shular jumlasidandir. Shuningdek, moddiy-texnik baza ham yanada mustahkamlanib, malakali kadrlar tayyorlash uchun barcha sharoitlar yaratiladi.
Toshkent tibbiyot akademiyasi Farg‘ona filiali negizidagi jamoat salomatligi tibbiyot institutida hozirgi davrda tibbiy profilaktika va jamoat salomatligi, davolash va xorijiy fakultetlar bo‘lib, bakalavriatning 6 ta ta’lim yo‘nalishlarida kadrlar tayyorlanmoqda. Bundan tashqari, Rossiya Federatsiyasining Kuban davlat tibbiyot universiteti hamda Kursk davlat tibbiyot universiteti bilan hamkorlikda qo‘shma dastur asosida ham 4 ta yo‘nalishda mutaxassislar tayyorlash yo‘lga qo‘yildi. Hozirda Qirg‘iziston, Tojikiston, Rossiya Federatsiyasi, Pokiston, Hindiston, Saudiya Arabistoni, Nigeriya, Bangladesh kabi davlatlardan 150 dan ortiq talabalar kelib tahsil olmoqdalar.
Hududlardagi tor mutaxassislarga bo‘lgan ehtiyojni qoplash maqsadida institutda anesteziologiya va reanimatsiya, akusherlik va ginekologiya, ichki kasalliklar, urologiya, umumiy xirurgiya kabi mutaxassisliklari bo‘yicha 83 nafar klinik ordinaturada va 12 nafar internaturada shifokorlarning tahsil olayotgani ham o‘z samarasini beradi. Talabalarga 19 ta kafedrada 147 nafar professor-o‘qituvchilar dars mashg‘ulotlarini olib bormoqda. Viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi va viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasi institutga klinik baza etib biriktirilgan. Talabalar va rezidentlar Farg‘ona viloyatida joylashgan 26 ta davolash-profilaktika muassasalarida amaliy va klinik mashg‘ulotlarni olib boradilar.
Bugun viloyatimizning o‘zida ham tor doiradagi mutaxassislik bo‘yicha shifokorlar yetishmovchiligi bor.Farg‘ona jamoat salomatligi tibbiyot institutining tashkil etilishi esa yuqori malakali, raqobatbardosh kadrlar tayyorlashdek muhim vazifani amalga oshirishda muhim o‘rin egallaydi.
G‘ofurjon Sultonov,
Farg‘ona jamoat salomatligi tibbiyot instituti
rektori vazifasini vaqtincha bajaruvchi
O‘zA