Farg‘onada tezkor profilaktik tadbirlar bo‘lib o‘tmoqda
Farg‘ona viloyatida Yangi yil bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazish mobaynida jamoat tartibi va xavfsizligini ta’minlash maqsadida tezkor-profilaktik tadbirlar o‘tkazib kelinmoqda.
Joylarda ishchi guruhlar tuzilib, viloyat IIB rahbariyati tomonidan tasdiqlangan farmoyish asosida keng jamoatchilik vakillari jalb etilgan.
Tadbirlar doirasida viloyatdagi 80 mingdan ziyod ob’ektlar tekshirildi. Shu jumladan, ko‘p qavatli uylar xonadonlar korxona va tashkilotlar o‘rganib chiqildi. 3 mingga yaqin ma’muriy huquqbuzarliklar aniqlanib, uni sodir etgan shaxslar ma’muriy javobgarlikka tortildi. Bu haqda viloyat IIB axborot xizmati xabar bermoqda.
Tungi vaqtlarda belgilanmagan joylarda yoki bemaqsad yurib fuqarolar osoyishtaligiga ziyon yetkazishi mumkin bo‘lgan, jinoyat va huquqbuzarlik sodir etishga moyil bo‘lgan shaxslar ichki ishlar organlari va tayanch punktlariga olib kelinib, ular bilan tezkor-profilaktik tadbir o‘tkazildi.
Jinoyat va huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish maqsadida tadbir davomida 30 nafar spirtli ichimlikka ruju quygan shaxslar, 10 nafar giyohvandlar va 20 nafar tajovuzkor ruhiy kasallikka chalingan shaxslar aniqlanib, sog‘liqni saqlash muassasalarga joylashtirildi.
Ichki ishlar organlarining profilaktik hisobida turgan 1980 nafar shaxslar bilan yakka tartibdagi profilaktik suhbatlar o‘tkazildi.

Tadbir davomida probatsiya xizmati hisobida turgan mahkumlar jazo o‘tashning belgilangan tartib qoidalariga rioya etmasdan, jazodan qasddan bo‘yin tovlaganligi uchun jazo turini boshqa jazoga almashtirish bo‘yicha sudlarga taqdimnomalar kiritildi. Shundan, sud ajrimlari asosida 5 nafar mahkumlarning jazo turi ozodlikdan mahrum qilish jazosiga almashtirildi.
Tadbir davomida ushbu toifa shaxslardan tashkil etilgan mehnat yarmarkalar orqali jami 27 nafari ishga joylashtirildi.
Yo‘l-patrul xizmati maskanlari, “Jamoatchilik nazorati maskanlari” va boshqa ob’ektlarda 5 mingga yaqin avtotransport vositalari tekshiruvdan o‘tkazildi.
Shuningdek, tadbir davomida aholi bilan mahallalarda, korxona tashkilot va ta’lim muassasalarda uchrashuvlar ham muntazam o‘tkazib kelinmoqda.
M. Sulaymonov, O‘zA