Farg‘onada tejamkor isitish qozonlari ishlab chiqarilmoqda (+video)
“Farg‘ona issiqlik ta’mir” mas’uliyati cheklangan jamiyatida “Yormozor” tamg‘asi bilan zamonaviy isitish qozonlari ishlab chiqarilmoqda. Mahsulotlar iqtisodiy tejamkor, uzoq muddat ishlash xususiyatlari bilan ajralib turadi. Yoqiladigan ko‘mir sarfi avvalgi qozonlarga qiyoslanganda besh hissa kam, isitish darajasi esa yuqori.
Korxonada maydoni 20 kvadrat metrdan 10 ming kvadrat metrgacha bo‘lgan uy-joy va boshqa ijtimoiy soha ob’ektlarini isitishga mo‘ljallangan 10 turdagi qozonlar ishlab chiqarilmoqda. Yangi turdagi qozonlar mahalliy ko‘mirda ishlaydi, issiqlik tizimi tabiiy aylanish xususiyatiga ega. Natijada elektr energiya sarflamasdan ham bir me’yorda issiqlik yetkazib berish imkoniyatini beradi.

–Prezidentimiz joriy yil 3 aprel kuni ijtimoiy soha ob’ektlari isitish tizimlarini modernizatsiya qilish chora-tadbirlari muhokamasi yuzasidan o‘tkazgan yig‘ilishda isitish tizimini isloh qilish, kam yoqilg‘i sarflagan holda sifatli issiqlik yetkazib berishni ko‘paytirishga e’tibor qaratish borasida bergan ko‘rsatmalari muhim dasturilamal bo‘ldi, – deydi “Farg‘ona issiqlik ta’mir” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Ulug‘bek Po‘latov. – Shu maqsadda sohaga innovatsion texnologiyalarni joriy etish, yangi tajriba, tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash, kam xom ashyo sarflab, me’yor talablariga mos bo‘lgan issiqlik ishlab chiqaruvchi tejamkor qozonlar tayyorlashga e’tibor beryapmiz. Mahsulotlarimiz nafaqat tejamkorligi, balki boshqa isitish qozonlariga nisbatan arzonligi bilan ham ajralib turadi. Ayni kunda yanada tejamkor va ish sifati yuqori bo‘lgan yangi mahsulot turlarini ishlab chiqarish borasida izlanishlar olib boryapmiz.
“Yormozor” qozonlari bir soatda 2 kilogramm mahalliy ko‘mir sarflaydi. Bu odatdagi isitish qozonlarining iste’moliga nisbatan besh barobar kam. Isitish qozonlarining ko‘mir sarfi kuz va qish mavsumiga taqqoslab hisob-kitob qilinsa, mavsumda 100 tonnadan ortiq ko‘mir tejab qolish mumkin.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, joriy yil yakuniga qadar aholi va boshqa ijtimoiy soha ob’ektlariga 10 ming donadan ortiq ana shunday tejamkor isitish qozonlari yetkazib beriladi. Asosiy maqsad – kuz-qish mavsumida aholi va barcha ijtimoiy muassasalarni sifatli issiqlik bilan ta’minlash.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/0u0zu_c3Pao" title="Farg‘onada tejamkor isitish qozonlari ishlab chiqarilmoqda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>bugungi kunda Farg‘ona viloyatidagi 1 ming 836 ta ijtimoiy soha ob’ektlari ko‘mir yoqilg‘isida, 459 tasi tabiiy gaz va 14 ta muassasa markazlashgan issiqlik bilan ta’minlangan. O‘tgan mavsumda tarmoqlar uchun 24,4 million kub metr tabiiy gaz, 77,7 ming tonna mahalliy ko‘mir yetkazib berildi. 2023-2024 yil kuz-qish mavsumi uchun 94,4 ming tonna ko‘mir yetkazib berish rejalashtirilgan. Ayni kunlarda ijtimoiy soha ob’ektlarining isitish tizimlarini davlat-xususiy sheriklik asosida modernizatsiya qilish ishlari boshlanmoqda.
M.Sulaymonov, O‘zA