Farg‘onada shamol elektr stansiyasi bunyod etiladi
Farg‘ona viloyati hokimligi va Malayziyaning «Clipper Energy» kompaniyasi vakillari o‘rtasida onlayn muzokaralar tashkil etildi.
«Dunyo» axborot agentligining xabariga ko‘ra, uchrashuvda tomonlar Farg‘ona viloyatida 450 million AQSH dollaridan ortiq to‘g‘ridan-to‘g‘ri Malayziya sarmoyasi asosida 1000 Mvtgacha quvvatga ega shamol elektr stansiyasini bunyod etish masalalarini muhokama qildi.
2020 yilning dekabr oyida tomonlar o‘rtasida ushbu loyihani amalga oshirishning texnik-iqtisodiy asoslarini o‘rganish ishlarini tashkil etish bo‘yicha o‘zaro anglashuv memorandumi imzolangan edi. Muzokaralar chog‘ida «Clipper Energy» kompaniyasi asoschisi Mohd Halim Shoh yuqorida qayd etilgan investitsiya loyihasi doirasida kompaniya tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar, jumladan, tegishli loyiha hujjatlarini ishlab chiqish, asbob-uskunalar yetkazib beruvchini tanlash va boshqa jihatlar haqida ma’lumot berdi.
Uchrashuv natijasida iyul oyida «Clipper Energy» vakillarining hamkorlik shartnomasini imzolash, loyihaning aniq manzilini aniqlash va kompaniyaning Farg‘ona viloyatida ofisini ochish uchun O‘zbekistonga tashrifini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Shamol elektr stansiyasining bunyod etilishi vodiy aholisining elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojini ta’minlashga ko‘mak beradi. Bu esa aholi turmush sharoitlarini yaxshilash, hududlar obodligini ta’minlashga xizmat qiladi.
O‘zA