Farg‘onada quyi bo‘g‘in davlat xizmatchilari o‘qitilmoqda
Davlat xizmatini rivojlantirish agentligining Farg‘ona viloyati filiali tomonidan viloyat hokimligi, Farg‘ona politexnika instituti, Farg‘ona davlat universiteti hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasining Farg‘ona hududiy filiali bilan hamkorlikda may-iyun oylarida quyi bo‘g‘in davlat xizmatchilari uchun o‘quv seminar-treninglar tashkil etilmoqda.
Davlat xizmatchilarining malakasini oshirish, yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar mazmun-mohiyati bilan tanishtirish bugungi kunning asosiy vazifalaridan sanaladi. Prezidentimiz Oliy Majlisga Murojaatnomasida hamda joriy yil 4-5 fevral kunlari Farg‘ona viloyatiga tashrifi chog‘ida viloyatda tizimli ravishda davlat organlari va tashkilotlarining o‘rta va quyi bo‘g‘in xodimlarini “mahallabay” va “fuqarobay” ishlashga o‘rgatish, shuningdek, ularga respublikada amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy sohalardagi islohotlarning tub mazmun-mohiyatini yetkazish, sohalar yuzasidan tayanch bilim va boshqaruv ko‘nikmalarini takomillashtirish bo‘yicha malakasini oshirib borish borasida topshiriqlar bergan edi. Mazkur o‘quvlar ana shu topshiriq ijrosini ta’minlash maqsadida o‘tkazilayotgan bo‘lib, uch bosqichda amalga oshiriladi.
[gallery-2559]
Qurilish hamda qishloq xo‘jaligi bo‘yicha bosh mutaxassislar uchun tashkil etilgan dastlabki seminar-trening yuqori saviyada o‘tkazilib, o‘quv davomida raqobatbardosh kadrlar faoliyatida zarur bo‘lgan eng muhim bilim va ko‘nikmalar berilyapti.
– Bu kabi o‘quvlar nazariy-amaliy bilim olish bilan birga, hamkasblarimiz bilan fikrlashish, tajriba almashish imkonini bermoqda, – deydi Farg‘ona shahar hokimligi bosh mutaxassisi M.Qodirxonov. – Qurilish sohasida har kuni yangiliklar, ilg‘or tajribalar bo‘lyapti. Ular bilan tanishyapmiz, “mahallabay”, “fuqarobay” kabi yangi mexanizmlar bilan ishlash bo‘yicha malakaga ega bo‘ldik.
O‘quv-amaliy mashg‘ulotlar viloyatdagi oliy ta’lim muassasalarining malakali professor-o‘qituvchilari, olimlar va tajribali amaliyotchilar tomonidan olib borilayotgan bo‘lib, tinglovchilarining ham sohaviy bilimlari ham amaliy ko‘nikmalarini rivojlantirishga e’tibor qaratilmoqda.
M. Sulaymonov, M. Qodirov (surat) O‘zA