Farg‘onada islohotlar shiddati va taraqqiyot nafasi yaqqol namoyon bo‘lmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 27-aprel kuni ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar jarayonlari bilan tanishish uchun Farg‘ona viloyatiga tashrif buyurdi.

Farg‘ona viloyati azaldan mehnatkash va izlanuvchan xalqi, serhosil zamini bilan tanilgan. Bugun esa bu qadimiy diyor taraqqiyotning yangi sahifasini varaqlamoqda.
Yangi uy-joylar, zamonaviy zavodlar, innovatsion agromajmualar va mintaqani bir-biriga bog‘laydigan transport tizimi viloyatning iqtisodiy va ijtimoiy qiyofasini tubdan o‘zgartirmoqda.
Bu o‘zgarishlar iqtisodiyotdagi raqamlarda ham, shu zaminda yashayotgan mamnun chehralarida ham ko‘rinadi. Farg‘ona bugun investorlar uchun jozibador maydonga, ishlab chiqaruvchilar uchun qulay zaminga, xalq uchun esa baxtiyor yashashga arziydigan istiqbolli o‘lkaga aylandi.
Viloyatda kechayotgan o‘zgarishlar davlatning e’tibori va xalqning mehnati birlashgan joyda nimalar ro‘y berishi mumkinligining ibratli namunasi bo‘ldi.
Davlatimiz rahbarining tashrifi Qo‘qon shahridagi “Yangi O‘zbekiston” massivida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishishdan boshlandi.
Mamlakatimizda aholining yashash sharoitini yaxshilash, zamonaviy shaharsozlik andozalarini hududlarga olib kirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu borada joylarda barpo etilayotgan “Yangi O‘zbekiston” massivlari xalqimiz farovonligini oshirishga qaratilgan yirik ijtimoiy loyihalardan biri bo‘lmoqda.
Qadimiy Qo‘qon shahrida qad rostlayotgan yangi massiv ham nafaqat uy-joy majmuasi, balki hududning iqtisodiy va ijtimoiy qiyofasini o‘zgartiruvchi zamonaviy markaz sifatida shakllanmoqda.

Qo‘qon azaldan aholi zich yashaydigan, tadbirkorlik rivojlangan shaharlardan biri. Shu bois, bu yerda turar joyga bo‘lgan talab yil sayin ortib bormoqda. Eskirgan infratuzilma va cheklangan yashash maydonlari shaharni yangi asosda kengaytirishni taqozo etmoqda.
Prezidentimizning ikki yil avval Farg‘ona viloyatiga tashrifi davomida berilgan topshiriqlari asosida bunyod etilayotgan mazkur massiv aynan shu ehtiyojga amaliy yechim bo‘lmoqda. Bu yerda oilalar zamonaviy va barcha qulayliklarga ega xonadonlar bilan ta’minlanmoqda.
Massivni barpo etish uchun jami 1 trillion 850 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan. Hududda 25 ming nafar aholi yashashiga mo‘ljallangan yaxlit infratuzilma shakllantirilmoqda. 84 ta ko‘p qavatli uy bilan birga zamonaviy maktablar, maktabgacha ta’lim tashkilotlari, oliy o‘quv yurti, biznes va savdo markazlari hamda aholi dam olishi uchun bog‘lar barpo etilishi ko‘zda tutilgan.
Bu ishlar yangi massiv aholisi uchun uyidan uzoqlashmagan holda ishlash, ta’lim olish, savdo va xizmatlardan foydalanish, mazmunli hordiq chiqarish imkoniyatini yaratadi.
Bugungi kunda loyihaning birinchi bosqichi muvaffaqiyatli yakunlandi, 4 ming 394 ta xonadondan iborat 56 ta o‘n qavatli uy foydalanishga topshirildi. Tayyor ta’mirli xonadonlar aholiga 35 foizlik boshlang‘ich to‘lov asosida, yillik 16 foiz stavka bilan 20 yil muddatga berilmoqda.
Davlatimiz rahbari yangi xonadonlardan biriga kirib, yaratilgan sharoitlar va jihozlanishi bilan tanishdi. Massivning ijtimoiy ahamiyatiga alohida to‘xtalib, bu yerda shakllanayotgan yangi muhit odamlarning dunyoqarashi, hayot sifati va turmush madaniyatini yuksaltirishga xizmat qilishi kerakligini ta’kidladi.
Farg‘onalik nuroniylar bilan samimiy suhbat bo‘lib o‘tdi.
Ular ijtimoiy davlat tamoyili asosida joylarda inson manfaatlari ta’minlanayotgani, zamonaviy ta’lim va tibbiyot muassasalari, obod mahallalar, yangi korxonalar va tadbirkorlik imkoniyatlari aholi hayotini o‘zgartirayotganini ta’kidladi. Nuroniylar bu ishlar yurtda to‘kinlik, farovonlik va ijtimoiy barqarorlikni mustahkamlayotganini aytib, davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirdi.
Shu yerning o‘zida Prezidentimiz “Yangi O‘zbekiston” massivining ikkinchi bosqichi hamda Qo‘qon shahrini rivojlantirish bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi.
Farg‘ona vodiysida Qo‘qon, Namangan, Andijon va Marg‘ilon shaharlarini bog‘lovchi yangi elektropoyezd qatnovi yo‘lga qo‘yildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev jamoatchilik vakillari bilan birga ushbu yo‘nalishdagi ilk poyezdda Qo‘qon shahridan Marg‘ilon shahriga keldi.
Mazkur loyiha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 27-dekabrdagi “2030-yilga qadar temir yo‘l transportida mahalliy yo‘nalishlarda yo‘lovchi tashish ko‘rsatkichlarini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida amalga oshirildi.
Loyiha aholi zich yashaydigan Farg‘ona vodiysida transport qatnovini yaxshilash, fuqarolarga qulay, xavfsiz va arzon xizmat ko‘rsatish, yo‘lovchi tashish hajmini oshirishga xizmat qiladi.
324 kilometrlik ushbu temir yo‘l halqasi vodiy viloyatlarini o‘zaro yanada yaqinlashtirib, aholi, tadbirkorlar va sayyohlar uchun yangi imkoniyatlar ochadi.
Ushbu poyezd Toshkent yo‘lovchi vagonlarni qurish va ta’mirlash zavodida ishlab chiqarilgan. Olti vagondan iborat, 586 o‘rinli poyezd soatiga 120 kilometrgacha tezlikda harakatlana oladi.
Chipta narxi 15 ming so‘m etib belgilangan. Bu avtomobil transportiga nisbatan ancha arzon va qulaydir. Kuniga 1,5 ming, yiliga qariyb 600 ming nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish imkoniyati hududda iqtisodiy faollikni oshirishga xizmat qiladi.
Vagonlarda iqlim nazorati tizimi va konditsionerlar o‘rnatilgan. Bepul Wi-Fi, gadjetlar uchun USB-portlar mavjud. Nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun maxsus ko‘targichlar, keng joylar va moslashtirilgan hojatxonalar ko‘zda tutilgan. Velosipedlarni tashish uchun mahkamlagichlar yo‘lovchilarning safardan keyin harakatlanish imkoniyatini yanada kengaytiradi.
Vagonlardagi videokuzatuv va zarba kuchini kamaytiruvchi kresh-tizimlar xalqaro xavfsizlik standartlariga mos keladi.
Yo‘l davomida Prezidentimiz viloyat faollari bilan hududda ro‘y berayotgan o‘zgarishlar haqida suhbatlashdi.
Temir yo‘l halqasi Farg‘ona vodiysining turizm salohiyatini ham yangi bosqichga olib chiqishi ta’kidlandi. Bekatlar atrofida xizmat ko‘rsatish shoxobchalari, mehmonxonalar va umumiy ovqatlanish maskanlarini tashkil etish zarurligi, bu mahalliy aholi uchun qo‘shimcha daromad manbaini yaratishi qayd etildi.
Shundan so‘ng Prezident Shavkat Mirziyoyev Quvasoy shahridagi “Crown Ceramic” qo‘shma korxonasida keramogranit plitalar ishlab chiqarish jarayoni bilan tanishdi.

Yurtimizda mahalliy xomashyo asosida import o‘rnini bosuvchi va eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bugungi kunda respublikada 47 ta keramik plita ishlab chiqaruvchi korxona faoliyat yuritmoqda. O‘tgan yili ular tomonidan 47,2 million kvadrat metr mahsulot ishlab chiqarilib, ichki talab 128,6 foizga qoplandi.
Davlatimiz rahbarining 2024-yil 16-dekabrdagi Farg‘ona viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga doir qaroriga muvofiq, 2025-yilda Quvasoy shahrida “Crown Ceramic” qo‘shma korxonasi tashkil etildi. Yiliga 8 million kvadrat metr keramogranit plita ishlab chiqarishga mo‘ljallangan loyiha 1 trillion so‘mlik mahsulot tayyorlash, 665 milliard so‘mlik qo‘shilgan qiymat yaratish va 35 million dollarlik eksportni amalga oshirish imkoniyatlariga ega.
Korxonada mahalliy xomashyodan foydalanish darajasi 97 foizni tashkil etmoqda. Uning asosiy qismi Quvasoydagi konlardan, shuningdek, Toshkent viloyatining Angren hududidan keltiriladi. Ishlab chiqarish jarayonida bir kunda 600 tonna saralangan tosh, 100 tonna qizil kaolin va 100 tonna kulrang kaolin ishlatiladi.
Bu yerda Markaziy Osiyo va Sharqiy Yevropa bozorlarida kam uchraydigan yirik formatdagi eksportbop keramogranit plitalar ishlab chiqarilib, 6 xil o‘lchamdagi mahsulot tayyorlanadi.
Zavodda oddiy soy toshidan yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulot yaratilmoqda. Dala shpati ishlab chiqarish, kaolin tarkibidagi ko‘mirni tozalash jarayonlari yo‘lga qo‘yilgan. Bu yuqori sifatli keramogranit ishlab chiqarishda muhim ahamiyatga ega.

Jarayonlar to‘liq raqamlashtirilib, energiyatejamkor uskunalardan foydalanilmoqda. Ekologik talablarga ham alohida e’tibor qaratilgan: zamonaviy chang yutish moslamalari va filtrlar o‘rnatilgan. Yomg‘ir suvlari yig‘ib olinib, ishlab chiqarishda foydalaniladi. Ishlatilgan suvni tozalash va ishlab chiqarishga qayta yo‘naltirishning yopiq zanjiri yaratilgan.
Zamonaviy texnologiyalar hisobiga xomashyo tayyorlashda elektr energiyasi sarfi 20 foizgacha kamaytirilgan. Kunduzgi ish jarayonida tabiiy yorug‘likdan foydalaniladi.
Bu yerda ishlab chiqarilayotgan keramik plitalar sifat va texnik ko‘rsatkichlari bo‘yicha Italiya, Ispaniya va Xitoy mahsulotlari bilan raqobatlasha oladi. Joriy yil yanvar-mart oylarida korxona Qirg‘iziston va Tojikistonga 400 ming dollarlik 80 ming kvadrat metr mahsulot yetkazib berdi. Eksport geografiyasini kengaytirish maqsadida Qozog‘iston, Rossiya va Yevropa davlatlari bilan shartnomalar imzolash choralari ko‘rilmoqda.
Korxonada hozirda import qilinadigan glazur mahsulotlarini mahalliylashtirish bo‘yicha ilmiy-amaliy ishlar ham olib borilmoqda. Qiymati 20 million dollar bo‘lgan, yiliga 50 ming tonna glazur ishlab chiqarish quvvatiga ega yangi loyiha 2026-yil sentabrda ishga tushiriladi. Uning natijasida yana 100 ta ish o‘rni yaratilishi, qo‘shimcha 10 million dollarlik eksport amalga oshirilishi, sirlash mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojning 85 foizini korxonaning o‘z kuchi bilan qoplash rejalashtirilgan.
Davlatimiz rahbari korxonada mahsulot ishlab chiqarish va saqlash jarayonlari, joriy etilgan texnologiyalar hamda eksport rejalari bilan tanishdi. Bunday qo‘shma korxonalar mahalliy xomashyoni chuqur qayta ishlash, yuqori qo‘shilgan qiymat yaratish orqali hudud iqtisodiyotini rivojlantirishda muhim ahamiyatga ega ekani ta’kidlandi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Farg‘ona viloyatiga tashrifi chog‘ida “Quva Agrostar” korxonasi faoliyati bilan tanishdi.
Mamlakatimiz qishloq xo‘jaligida mahsulotni yetishtiribgina qolmay, yuqori qo‘shilgan qiymat yaratish, qayta ishlash va eksportga yo‘naltirish hajmlarini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shu maqsadda “Uzagrostar xolding” kompaniyasi tashkil etilib, uning ta’sischiligida 21 ta tumanda ixtisoslashtirilgan agrar majmualar ish boshladi.
Sohadagi asosiy muammolardan biri ishlab chiqarish zanjirining tarqoqligi edi. Dehqon mahsulot yetishtirar, ammo uni saqlash, saralash, qadoqlash va tashqi bozorga chiqarish imkoniyati cheklangan edi. Ixtisoslashgan agrokomplekslar esa aynan shu bo‘shliqni to‘ldirmoqda.
Ulardan biri “Quva Agrostar” korxonasi. Quva tumanida joylashgan majmua yiliga 12 turdagi 5 ming tonna mahsulotni yetishtirishdan tortib, saqlash, qayta ishlash, qadoqlash va eksportgacha bo‘lgan jarayonlarni yagona zanjirda birlashtirgan.
Korxonaning Italiya, Ispaniya, Germaniya va Xitoydan keltirilgan zamonaviy texnologiyalari va Global GAP, ISO 22000, Halal va HACCP kabi xalqaro sertifikatlari mahsulot sifati va milliy brendga bo‘lgan ishonchni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Tizimli yondashuv natijasida 2025-yilda ilk bor Yaponiya va Janubiy Koreya kabi talabchan bozorlarga aviatransport orqali mahsulot eksport qilindi. Joriy yilda 25 million dollarlik mahsulotni tashqi bozorga yetkazish rejalashtirilgan.
Tumandagi 33 ta mahalladan 3 mingta xonadon va 1 mingta dehqon xo‘jaligi bilan kooperatsiya aloqalari yo‘lga qo‘yilgan. Odamlarga 10 sotix tomorqadan 250 million so‘mgacha daromad olish amaliyoti o‘rgatilmoqda.

Shu yerning o‘zida aholiga tomorqadan samarali foydalanishni o‘rgatish va mahallalarni chuqur ixtisoslashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar taqdimot qilindi.
Tomorqa shunchaki qo‘shimcha daromad manbai emas, balki oilaviy tadbirkorlikning samarali yo‘nalishiga aylanishi muhim ekani ta’kidlandi. Aholiga urug‘ tanlash, agrotexnik tadbirlarni to‘g‘ri bajarish, sifatli hosil olish, mahsulotni bozor talabiga mos holda tayyorlash va eksport standartlariga muvofiq qadoqlash bo‘yicha amaliy ko‘nikmalar berish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
Davlatimiz rahbari “Quva Agrostar” erishgan natijalarni yuqori baholab, yerdan samarali foydalanish, mahsulotni chuqur qayta ishlash va eksportga yo‘naltirish orqali yuqori qo‘shilgan qiymat yaratish, eng muhimi, dehqon va tomorqa egalari daromadini sezilarli darajada oshirish muhim ekanini ta’kidladi. Shu maqsadda Farg‘ona viloyatida 50 ming gektar yer maydonida tajriba tariqasida ilg‘or agrotexnologiyalarga asoslangan qishloq xo‘jaligi tizimi joriy etilishi belgilandi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Farg‘ona viloyatiga tashrifi doirasida Quva tumanida agrovoltaika texnologiyasi joriy etilgan qishloq xo‘jaligi majmuasiga ham bordi.

Yurtimizda qishloq va suv xo‘jaligida energiya sarfi ortib borayotgani hisobga olinib, “yashil” energiya quvvatlarini ko‘paytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Agrovoltaika usuli bir yerning o‘zida ham mahsulot yetishtirish, ham quyosh panellari orqali elektr energiyasi ishlab chiqarish imkonini beradi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, mamlakatimizda agrovoltaika yo‘nalishida 10 gigavattgacha quvvat yaratish salohiyati mavjud.

Bu yondashuv O‘zbekiston sharoitida, ayniqsa, quyoshli kunlar ko‘p bo‘lgan hududlar uchun samaralidir. Panellar ekinlarga soya berib, tuproq namligini uzoqroq saqlaydi, suv sarfini kamaytiradi. Ekinlar esa yer haroratini me’yorda ushlab, quyosh modullarining samarali ishlashiga yordam beradi.
Majmuada suv tejamkorligiga qaratilgan ilg‘or texnologiyalar ham joriy etilgan. Xususan, Avstriyaning “Bauer” kompaniyasi texnologiyasi asosida yomg‘irlatib sug‘orish tizimi qo‘llanilmoqda. Bu usul suvni ekin maydoniga bir me’yorda yetkazib, tuproq namligini saqlash, o‘g‘itni maqsadli berish va hosildorlikni oshirish imkonini beradi.
Mazkur texnologiya avval respublikadagi fermer xo‘jaliklarida sinovdan o‘tkazilib, suv sarfini 40 foizga, o‘g‘it sarfini 35 foizga, qo‘l mehnatini 90 foizga kamaytirish va hosildorlikni 25 foizga oshirish samarasini ko‘rsatgan.
110 gektar maydonni egallagan majmuada intensiv bog‘dorchilik, chorvachilik va baliqchilik yo‘nalishlari uyg‘unlashtirilgan. Bu qayta tiklanuvchi energiya manbalari va suv tejovchi texnologiyalar joriy etilgan mamlakatimizdagi ilk agromajmualardan biri hisoblanadi.
Hududda 10 mingta quyosh paneli o‘rnatilgan. Ular elektr energiyasi ishlab chiqarish bilan birga tuproq namligini saqlash va ekinlar uchun soya hosil qilishga xizmat qiladi. Baliqchilik hovuzlarida kislorod berish jarayoni elektr energiyasi hisobiga amalga oshiriladi, hovuz suvi esa mineral moddalarga boy holda uzumzor va bog‘larni oziqlantirishga yo‘naltiriladi.
Chorvachilik yo‘nalishida qoramollar quyosh panellari soyasida saqlanadi, bog‘ hududidagi o‘tlar bilan oziqlanadi, organik o‘g‘it esa yer unumdorligini oshirishga xizmat qiladi. Shu tariqa majmuada energiya, suv, ozuqa va o‘g‘it bir-birini to‘ldiruvchi yagona tizimga birlashtirilgan.
Bunday tizim qishloq xo‘jaligi, energetika va chorvachilikni o‘zaro bog‘lab, yerdan ikki karra samara olish, mahsulot tannarxini pasaytirish va bozorda raqobatbardoshlikni oshirish imkonini beradi. Eng muhimi, bu fermerlar daromadini ko‘paytirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va mahalliy iqtisodiyotni rivojlantirishga xizmat qiladi.
Hozirda agromajmuada uzumning eksportbop “Avatar” navi yetishtirilib, zotdor qoramol va qo‘ylar parvarishlanmoqda, intensiv baliqchilik yo‘lga qo‘yilgan. Natijada 100 dan ortiq oilaning daromadi oshirilib, 350 nafar aholi bandligi ta’minlanmoqda. Eksport hajmi 2,5 million dollarni tashkil etadi.
Endilikda nafaqat mamlakatimiz, balki butun mintaqa uchun noyob bo‘lgan ushbu tajribani respublikaning 13 ta hududida 2 ming gektar maydonda ommalashtirish rejalashtirilgan.
Davlatimiz rahbari majmua faoliyati bilan tanishar ekan, agrodronlar yordamida ekinlarni dorilash va monitoring qilish ishlarini ham ko‘zdan kechirdi.
So‘ng Prezident Shavkat Mirziyoyev Quva tumanidagi “Karkidon” suv ombori hududida barpo etilgan yangi turizm majmuasida amalga oshirilayotgan loyihalar bilan tanishdi.

Bu maskan Farg‘ona vodiysida yozgi dam olish, ekoturizm va faol hordiq chiqarish uchun eng jozibador manzillardan biriga aylanishi kutilmoqda.
Davlatimiz rahbarining 2025-yil 1-apreldagi qaroriga muvofiq, bu yerda qiymati 635 milliard so‘mlik zamonaviy turizm majmuasi shakllantirilmoqda. Hududda yo‘l infratuzilmasi yaxshilanib, obodonlashtirish ishlari davom etmoqda.
508 gektar maydonni egallagan majmua agroturizm, ekoturizm va ekstremal turizm imkoniyatlarini birlashtirgan. Bu yerda 45 ta shale, 57 ta zamonaviy mehmon uyi, agroturizm majmuasi, gullar bog‘i, lavandazor, ekobozor, sokin hududlar va restoranlar tashkil etilgan.
Prezidentimiz hududda yaratilgan sharoitlar bilan tanishar ekan, bunday loyihalar aholi farovonligi, hudud iqtisodiyoti va mamlakatimizning sayyohlik salohiyatini oshirishda muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi. Turizm mamlakatni dunyoga tanitish, yangi ish o‘rinlari yaratish va xizmatlar eksportini kengaytirishning samarali yo‘nalishlaridan biri ekani qayd etildi.
Loyiha doirasida yuzdan ortiq tadbirkorlik sub’ekti tashkil etilib, 2 mingga yaqin yangi ish o‘rni yaratiladi. Yiliga 750 ming nafar sayyohni qabul qilish, 3 milliard so‘mlik byudjet tushumi hamda 5 million dollarlik xizmatlar eksportini ta’minlash ko‘zda tutilgan. Majmua 2027-yildan to‘liq quvvatda ishga tushiriladi.
Kelgusida bu yerda motokross maydonlari, 2 kilometrli dor yo‘li, karting va golf maydonlari tashkil etiladi. Bu imkoniyatlar “Karkidon” majmuasini faol turizm yo‘nalishidagi flagman maskanlardan biriga aylantiradi.

Mutasaddilarga turizm va xizmat ko‘rsatish sohalarini yanada rivojlantirish, mahalliy va xorijiy sayyohlar uchun qulay sharoitlar yaratish, eng muhimi, aholi manfaatiga xizmat qiladigan barqaror tizimni shakllantirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Tashrif davomida davlatimiz rahbari yangi mehmonxona va savdo majmualari faoliyati bilan ham tanishdi. Shu yerning o‘zida sayyohlik sohasida istiqbolda amalga oshiriladigan loyihalar taqdimot qilindi.
Jumladan, Taxtako‘pir tumanida Qoratereng ko‘li, Xonobod tumanida sun’iy ko‘l, Xatirchi tumanida “Ko‘ksaroy” suv ombori, Pop tumanida Arashan ko‘li, Nurobod tumanida “Sobirsoy” va Kattaqo‘rg‘on tumanidagi “Kattaqo‘rg‘on” suv omborlari atrofida ham yirik turizm majmualarini barpo etish rejalashtirilgan.
Bu kabi loyihalar mamlakatimizning sayyohlik salohiyatini kengaytirish, hududlarda xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirish va aholi daromadini oshirishga xizmat qiladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Quva tumanidagi 1-sonli texnikumda yoshlarni zamonaviy kasblar va xorijiy tillarga o‘qitish ishlari bilan tanishdi.

Bugun mamlakatlarning raqobatbardoshligi nafaqat tabiiy resurslar, balki inson kapitali, bilim va zamonaviy kasb egalarining salohiyati bilan ham belgilanmoqda. Shu bois, O‘zbekistonda professional ta’lim tizimini isloh qilish, ayniqsa, hududlardagi texnikumlarni amaliy bilim, innovatsiya va tadbirkorlik markazlariga aylantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Quva tumanidagi texnikum faoliyati ham mazkur islohotlarning amaliy ifodasidir.
Texnikum binosida zamonaviy kasblarga o‘qitish va startaplarni qo‘llab-quvvatlash markazlari tashkil etilgan.
Xorijiy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda nemis va xitoy tillarini o‘qitish bilan birga logistika, qishloq xo‘jaligida dronlarni boshqarish, “aqlli” irrigatsiya, quyosh panellarini o‘rnatish va ta’mirlash kabi zamonaviy yo‘nalishlar bo‘yicha kadrlar tayyorlanadi.
Dual ta’lim tizimi joriy etilib, 550 nafar o‘quvchi nazariy bilimlarni bevosita amaliyot bilan bog‘lagan holda olmoqda.
Startap markazi yoshlarning tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashda muhim ahamiyatga ega. Bu yerda robototexnika, SMM, mobilografiya, dizayn kabi talab yuqori bo‘lgan yo‘nalishlar bo‘yicha ham o‘quv kurslari tashkil etilgan.
Loyiha doirasida 200 ta yangi ish o‘rni yaratiladi. Ushbu tajribani respublikadagi yana 10 ta qishloq xo‘jaligi texnikumida joriy etish rejalashtirilgan.
Prezidentimiz kasb o‘rganayotgan yoshlar bilan suhbatlashdi, ularning o‘qishi va kelgusi faoliyatida muvaffaqiyatlar tiladi.
Davlatimiz rahbari Marg‘ilon shahridagi “Burhoniddin Marg‘inoniy” ilmiy-ma’rifiy va turizm majmuasida barpo etilgan madaniyat hamda xizmat ko‘rsatish ob’ektlari bilan tanishdi.

Farg‘ona viloyatining turizm salohiyatini to‘liq ishga solish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar o‘z natijasini bermoqda. Keyingi yillarda hududga xorijiy sayyohlar tashrifi bir necha barobar oshgani ham buning yaqqol dalilidir.
Qadimiy Marg‘ilon shahri bu borada katta imkoniyatlarga ega. Davlatimiz rahbarining 2025-yil 1-apreldagi qarori asosida bu yerda “Burhoniddin Marg‘inoniy” majmuasi barpo etildi. Milliy me’morchilik an’analari, Marg‘ilon tarixi va zamonaviy turizm talablari uyg‘unlashgan ushbu majmua qadim shahar ichidagi shaharchadir.
35 gektar maydonni egallagan majmuada sayyohlar uchun barcha qulayliklar yaratilmoqda. Bu yerda mehmonxona, karvonsaroy, savdo va xizmat ko‘rsatish binolari, hunarmandlar markazi, milliy bozor va muzeylar qurib bitkazilgan.
Buyuk alloma Burhoniddin Marg‘inoniyning boy ilmiy merosini o‘rganish va targ‘ib qilish majmuaning asosiy yo‘nalishlaridan biridir. Shu bilan birga, hududda qadimiy hunarmandchilik an’analarini saqlash, ziyorat va madaniy turizmni rivojlantirish ko‘zda tutilgan.
Majmuada “Otabek va Kumush uyi” muzeyi ham tashkil etilgan. Uning devorlarida “O‘tkan kunlar” romani sahnalari jonlantirilib, adabiyot va tarixni uyg‘unlashtirgan noyob muhit yaratilgan. Shuningdek, maqom teatri, shoir va rassomlar xiyoboni hamda kutubxona ham joy olgan.
Qiymati 1,7 trillion so‘m bo‘lgan loyihaning bosh rejasi Turkiyaning “Studio Vertebra” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan. Majmua ikki bosqichda barpo etiladi. Kelgusida bu yerda biznes markaz, 1500 o‘rinli masjid, mehmonxonalar, 400 ta savdo va xizmat ko‘rsatish nuqtasi hamda 300 o‘rinli bozor tashkil etiladi.
Davlatimiz rahbari majmua bo‘ylab yurib, bunyodkorlik ishlarini ko‘zdan kechirdi. Hunarmandchilik, badiiy va amaliy san’at ko‘rgazmalari, bozor rastalari bilan tanishdi. Jamoatchilik vakillari bilan samimiy suhbat qurdi.
Majmua to‘liq ishga tushgach, viloyatga yiliga o‘rtacha 200-250 ming nafar xorijiy sayyoh jalb etilishi kutilmoqda. Buning natijasida 2 mingta ish o‘rni yaratiladi, byudjetga 52 milliard so‘m tushum va 30 million dollarlik xizmatlar eksporti ta’minlanadi.
Shuningdek, “Burhoniddin Marg‘inoniy” majmuasi tajribasini Buxorodagi “Boqiy Buxoro”, Samarqanddagi Imom Moturidiy maqbarasi atrofi, Qo‘qondagi O‘rda, Namangandagi “Axsikent” yodgorligi hamda Toshkentning Eski shahar hududlarida ham keng joriy etish rejalashtirilgan.
So‘ng Marg‘ilon shahrida “Burhoniddin Marg‘inoniy” ilmiy-ma’rifiy va turizm majmuasining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirok etib, nutq so‘zladi.

Davlatimiz rahbari Farg‘ona ahlini ushbu tarixiy voqea bilan samimiy tabriklab, majmua nafaqat Marg‘ilon, balki butun Farg‘ona vodiysi ma’naviy hayotida muhim o‘rin tutishini ta’kidladi.
Qayd etilganidek, keyingi yillarda Farg‘ona viloyatini 2030-yilgacha ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturi izchil amalga oshirilmoqda. Qo‘qonda aeroport qayta tiklandi, Marg‘ilon va boshqa shahar-tumanlarda zamonaviy ishlab chiqarish korxonalari, ta’lim, tibbiyot va madaniyat maskanlari, IT-parklar, “Yangi O‘zbekiston” turar joy massivlari barpo etilmoqda.
Bu ishlar aholi uchun qulay mehnat va turmush sharoitini yaratish, inson qadrini ulug‘lash va hududlarga Yangi O‘zbekiston ruhini olib kirishga xizmat qilmoqda.
Prezidentimiz Farg‘ona viloyati so‘nggi yillarda nafaqat mamlakatimiz, balki xalqaro miqyosdagi yirik tadbirlarga ham mezbonlik qilayotganini ta’kidladi. Qo‘qonda xalqaro hunarmandchilik festivali, Rishtonda kulolchilik anjumani o‘tkazilishi yaxshi an’anaga aylangan. Markaziy Osiyo mamlakatlarining hududlararo hamkorlik forumlari ham Farg‘onada muvaffaqiyatli tashkil etilmoqda.
So‘nggi yillarda milliy me’morchilik yechimlari asosida, tarixiy va zamonaviy an’analarni uyg‘unlashtirgan yirik turizm majmualari barpo etilmoqda. Samarqandda “Buyuk ipak yo‘li” va Imom Buxoriy majmualari, Xorazmda “Arda Xiva” xalqaro turizm markazi ishga tushirildi. Toshkentda ochilgan Islom sivilizatsiyasi markazi ham bu borada ulkan qadam bo‘ldi.
Ushbu markaz ekspozitsiyasida Farg‘ona tarixiga alohida o‘rin ajratilgani, to‘rt yirik portaldan biri Qo‘qon portali deb atalgani, Birinchi Renessansning buyuk namoyandalari – Ahmad Farg‘oniy va Burhoniddin Marg‘inoniy merosi atroflicha yoritilgani qayd etildi.

Turizm infratuzilmasini rivojlantirish o‘z samarasini bermoqda. Joriy yilning birinchi choragida O‘zbekistonga 3 millionga yaqin xorijiy sayyoh tashrif buyurdi, turizm eksporti 1,1 milliard dollardan oshdi.
Davlatimiz rahbari Farg‘ona zaminining boy ma’naviy va madaniy merosiga alohida to‘xtaldi. Uvaysiy, Nodira, Anbar otin, Dilshod Barno, Gulxaniy, Muqimiy, Furqat, Zavqiy, Charxiy, Sobir Abdulla kabi shoir va adiblar, Aziz Qayumov, Erkin Vohidov, Xudoyberdi To‘xtaboyev, Umarali Normatov, Enaxon Siddiqova, Anvar Obidjon kabi olim va ijodkorlar xalqimiz ma’naviy xazinasiga ulkan hissa qo‘shgani ta’kidlandi.
O‘zbek san’ati va madaniyati ravnaqiga Yusufjon qiziq Shakarjonov, Usta Olim Komilov, Muhiddin Qoriyoqubov, Tamaraxonim, Halima Nosirova, Mukarrama Turg‘unboyeva, Jo‘raxon Sultonov, Ma’murjon Uzoqov kabi ulug‘ san’atkorlar beqiyos hissa qo‘shgani qayd etildi.
Prezidentimiz san’at ahlining mehnati va iste’dodini qadrlash, ularning ijodiy merosini kelajak avlodlarga yetkazish borasida katta ishlar rejalashtirilayotganini bildirdi. Sherali Jo‘rayev va Farrux Zokirov maktablari tashkil etilgani, kelgusida farg‘onalik ustoz san’atkorlarning ham mahorat maktablari ochilishi ma’lum qilindi.
Davlatimiz rahbari “Burhoniddin Marg‘inoniy” ilmiy-ma’rifiy va turizm majmuasi Farg‘ona rivojida yangi davrni boshlab berishini qayd etdi.
Milliy me’morchilik an’analari asosida bunyod etilgan 35 gektarlik majmua Islom huquqshunosligi instituti, maqom teatri, ochiq amfiteatr, o‘lkashunoslik muzeyi, adib va san’atkorlar xiyoboni, hunarmandlar markazi, mehmonxona va servis shoxobchalarini o‘z ichiga oladi.
Majmua Burhoniddin Marg‘inoniyning boy ilmiy merosini o‘rganish va targ‘ib qilish, hududning qadimiy hunarmandchilik an’analarini asrab-avaylash, ziyorat va madaniy turizmni rivojlantirishga xizmat qiladi.

Prezidentimiz bu muhtasham obida Yangi O‘zbekiston mo‘’jizalari qatoridan munosib o‘rin egallab, Farg‘ona viloyatining tashrif qog‘ozlaridan biriga aylanishiga ishonch bildirdi.
– Biz ushbu majmuani aynan Marg‘ilon shahrida barpo etganimiz zamirida juda chuqur tarixiy va hayotiy haqiqat mujassam. Bu tabarruk shahar ko‘plab ilm va ma’rifat egalarini voyaga yetkazgan. Tarixiy manbalarda aytilishicha, mazkur qutlug‘ maskan “Ma’rifat ahlining vatani” degan yuksak sharafga sazovor bo‘lgan.
Biz ana shunday qudratli ma’naviy merosimizga tayanib, Marg‘ilon, butun Farg‘ona tarixining shon-sharaf kitobiga yangi sahifalar bitmoqdamiz. Bu bilan har qancha faxrlansak, g‘ururlansak arziydi, – dedi Prezidentimiz.
Davlatimiz rahbari majmuani bunyod etishda ishtirok etgan olim va loyihachilar, muhandis va quruvchilar, ishchi-xizmatchilar hamda ushbu ezgu ishga hissa qo‘shgan barcha insonlarga minnatdorlik bildirdi.
Marosim katta konsert dasturi bilan davom etdi. Folklor-etnografik jamoalar hamda san’atkorlarning chiqishlari, milliy o‘yin va askiyalar barchaga zavq-shavq ulashdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Farg‘ona viloyatiga tashrifi davom etmoqda.
Ziyodulla JONIBEKOV,
Ikrom AVVALBOEV,
Abdulaziz RUSTAMOV,
Behruz XUDOYBERDIEV,
O‘zA maxsus muxbirlari