Farg‘onada iqtidorli qizlar tanlovi
Farg‘onada Zulfiya nomidagi davlat mukofotiga nomzodlarni saralashning viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Dastavval tadbir ishtirokchilari xalq amaliy va tasviriy san’ati namunalaridan tashkil etilgan ko‘rgazma bilan yaqindan tanishdi.
Tadbirda iste’dodli qizlarni tanlash va ularning iqtidorini ro‘yobga chiqarishda, ijodkor, san’atsevar, olima, oqila, shoira, sportchi qizlar safini kengayib borishida mazkur tanlov muhim o‘rin tutayotgani qayd etildi.
– Zulfiyaxonim izdoshi bo‘lish har bir qizga faxr-iftixor bag‘ishlaydi, – deydi viloyat hokimining o‘rinbosari – Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Komila Kavlonova. – Shu bois ham tanlovda ishtirok etish istagidagilar soni yil sayin oshmoqda. Zulfiya nomidagi davlat mukofotiga nomzodlar tanlovi yangi mezonlar asosida o‘tkazilmoqda. Bu mukofotning ta’sis etilgani natijasida viloyatdagi ko‘plab iqtidorli, iste’dodli qizlarni qo‘llab-quvvatlashda muhim ahamiyat kasb etayotir.
[gallery-9588]
Bugungacha viloyatdan mazkur mukofotga 28 nafar qiz jamoatchilik, adabiyot, san’at, sport, fan va ta’lim yo‘nalishlarida sazovor bo‘lgan. Ular hozirda yurtimizning turli jabhalarida samarali faoliyat olib borishayotir.
Bu yil tanlovning shahar va tumanlar bosqichida 687 nafar iqtidorli qizlar ishtirok etdi. Ularning orasidan munosiblari saralanib, eng faol, zukko, dono va iste’dodli qizlardan 121 nafari tanlovning viloyat bosqichida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritgan edi.
Tanlovda ishtirokchilarning chiqishlari, ular tayyorlagan ishlar, egallagan yutuqlar, zabt etgan marralari komissiya a’zolari tomonidan oqilona baholandi. Tanlovning mamlakat bosqichida ishtirok etadigan munosib nomzodlar saralandi.
M.Sulaymonov, M.Qodirov (surat), O‘zA