Farg‘onada haydovchilar janjal ko‘tardi
Ijtimoiy tarmoqlarda Farg‘ona shahar Bozorboshi ko‘chasida joylashgan umumiy ovqatlanish maskani oldida fuqarolarning bir-birlari bilan janjallashayotgan holati aks etgan videotasvir tarqaldi.
Videoda ommaviy bo‘lib o‘zaro janjallashayotganlar haydovchilar ekanligi aytilgan.
Farg‘ona viloyati IIB axborot xizmatining xabar berishicha, videolavha yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari o‘tkazildi. Shu kunning o‘zida Farg‘ona shahar ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat Kodeksining 277-moddasi 2-qismi “b” bandi (bir guruh shaxslar tomonidan bezorilik qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergovga kirishildi.
Mazkur jinoyat ishi doirasida fuqaro I.Sh. protsessual tartibda ushlangan bo‘lib, hozirda qolgan ishtirokchilarni aniqlash choralari ko‘rilmoqda. Tergov harakatlari davomida ishga aloqador bo‘lgan barcha shaxslarning harakatlariga huquqiy baho beriladi.
Mazkur holat viloyat ichki ishlar boshqarmasi tomonidan nazoratga olingan.
Tergov harakatlari yakuniga ko‘ra, qo‘shimcha xabar beriladi.
M. Sulaymonov, O‘zA