Farg‘onada elektr tarmoqlari raqamli nazorat bosqichiga o‘tmoqda
FOTOREPORTAJ
Farg‘ona viloyatida elektr tarmoqlarini modernizatsiya qilish barobarida ularning texnik holatini raqamli texnologiyalar asosida monitoring qilishga qaratilgan loyihalar ham amalga oshirilmoqda.
Energetika tizimida raqamlashtirish va sun’iy intellekt texnologiyalarini keng joriy etish bugungi kunda sohadagi ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi. Bu jarayonda elektr energiyasini ishlab chiqarish, uzatish, taqsimlash va iste’molchilarga yetkazib berishning barcha bosqichlarini zamonaviy texnologiyalar asosida boshqarishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Shu maqsadda Farg‘ona tumanidagi 10 kVli “Shifoxona” elektr uzatish tarmog‘iga yangi avlod SBGZ-3000 Digital Fault Indicator Monitoring System qurilmasi o‘rnatildi. Mazkur texnologiya O‘zbekistonda ilk bor amaliyotga joriy etilmoqda.
Yangi tizim elektr uzatish tarmoqlarida yuzaga keladigan nosozliklarni tezkor aniqlash va ular sodir bo‘lgan joyni aniq belgilash imkonini beradi. Bu esa mutaxassislarga tarmoq holatini tezkor baholash va zarur choralarni ko‘rishda qo‘shimcha qulaylik yaratadi.
An’anaviy yondashuvda tarmoqda avariyaviy holat yuzaga kelganda, avvalo nosozlik sodir bo‘lgan uchastkani aniqlash talab etiladi. Buning uchun avariya-tiklash brigadalari tarmoqning turli qismlarini tekshirib chiqishiga to‘g‘ri keladi. Raqamli monitoring tizimi esa nosozlik qayd etilgan uchastkani tezda aniqlab, mutaxassislarni bevosita zarur manzilga yo‘naltirish imkonini beradi.
[gallery-30914]
Natijada avariya holatini bartaraf etishga ketadigan vaqt qisqaradi, transport va yoqilg‘i xarajatlari optimallashadi, mehnat resurslaridan samarali foydalanish imkoniyati kengayadi.
Muhimi, elektr ta’minotidagi uzilishlar davomiyligini qisqartirish orqali aholi, ijtimoiy soha ob’ektlari, tadbirkorlik sub’ektlari hamda ishlab chiqarish korxonalarini elektr energiyasi bilan barqaror ta’minlashga xizmat qiladi.
Raqamli monitoringning ahamiyati faqat nosozliklarni aniqlash bilan cheklanmaydi. Tarmoq holati haqida tezkor ma’lumot olish, uni tahlil qilish va shu asosda qaror qabul qilish elektr ta’minoti tizimining umumiy samaradorligi va ishonchliligini oshirishga xizmat qiladi.
Farg‘ona tumanidagi 10 kVli tarmoqda joriy etilgan mazkur texnologiya kelgusida boshqa elektr uzatish tarmoqlarida ham qo‘llash uchun muhim amaliy tajriba vazifasini o‘taydi.
Bunday tizimlarni bosqichma-bosqich kengaytirish elektr tarmoqlarida nosozliklarni tezkor aniqlash, avariya oqibatlarini bartaraf etish va xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish imkonini beradi.
Farg‘onada boshlangan ushbu loyiha elektr tarmoqlarini “aqlli tarmoq” — Smart Grid tamoyillari asosida rivojlantirish, ularning ishonchliligini oshirish va zamonaviy raqamli boshqaruv tizimlarini joriy etish yo‘lidagi amaliy qadamlardan biridir.
Muqimjon QODIROV (surat),O‘zA