Farg‘onada davlatlararo yirik anjuman ish boshlayapti
Farg‘ona viloyati O‘zbekistonning iqtisodiy salohiyati yuqori va investitsiyaviy faol hududlaridan biri. Bugun viloyatda barqaror iqtisodiy o‘sish, investitsiyaviy faollik va eksport salohiyati izchil ortib bormoqda.
Hududning investitsiyaviy jozibadorligi xalqaro reytinglarda ham o‘z ifodasini topmoqda.
Fitch Ratings Farg‘ona viloyatiga «BB-», «Barqaror» (Stable) kredit reytingini berdi. Bundan avval, S&P Global Ratings viloyat reytingini «B+»dan «BB-»ga oshirgan. Shu tariqa Farg‘ona O‘zbekistonda ikki xalqaro kredit reytingiga ega bo‘lgan yagona hududga aylandi.
So‘nggi to‘qqiz yilda viloyat YAHM 1,6 baravar o‘sib, 111 trillion so‘mdan oshdi, aholi jon boshiga YAHM esa 5 barobardan ziyod ko‘paydi.
Shu davrda 8,2 milliard dollar xorijiy sarmoya jalb qilinib, qariyb 7 900 ta investitsiya loyihasi amalga oshirildi va 196 mingta yangi ish o‘rni yaratildi. Eksport hajmi 395 million dollardan 1,3 milliard dollarga yetdi, Farg‘ona mahsulotlari bugun 65 ta xorijiy bozorga chiqmoqda.
Ushbu ko‘rsatkichlar Farg‘onaning barqaror iqtisodiy o‘sish, investitsiya va sanoat kooperatsiyasi uchun katta salohiyatga ega hudud ekanini ko‘rsatadi.
Farg‘ona – yangi investitsiyalar, ishlab chiqarish va xalqaro hamkorlik uchun ochiq va istiqbolli hudud. Shuning uchun ham bugun O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi hududlari kengashining III yig‘ilishi aynan Farg‘onada o‘z ishini boshladi.
Muhammadjon Obidov, O‘zA muxbiri