Farg‘onada aholining uy-joy sharoitini yaxshilash bo‘yicha ham katta o‘zgarishlar bo‘lmoqda
Masalan, ilgari Marg‘ilonda bir xonadonda o‘rtacha 2-3 oila yashardi. Bir yilda Ipakchi va Qirguli mahallalarining o‘zida 241 ta eski hovlilar o‘rnida 2,5 ming xonadonli ko‘p qavatli uylar barpo etildi. Marg‘ilonning Navro‘z mahallasida barpo etilayotgan “Yangi O‘zbekiston” massiviga bu yil yana 6,5 ming oila ko‘chib kiradi.
Bunday ishlar Yozyovon, Quva tumanlari, Qo‘qon va Farg‘ona shaharlarida ham jadal ketmoqda.
So‘nggi o‘n yilda Farg‘onada 74 ming o‘rinli maktab, 145 ming o‘rinli bog‘cha hamda 3 ming koykali shifoxonalar ishga tushirildi. Shu bilan birga, 167 ta xususiy maktab paydo bo‘ldi, ularda 40 mingdan ortiq o‘quvchi ta’lim olyapti.
Ta’lim sifati keskin oshgani uchun yoshlarning oliygohga kirish ko‘rsatkichi bo‘yicha viloyat respublikada 3-o‘ringa ko‘tarildi.
Tibbiyotda ham o‘zgarishlar katta. Birgina Beshariq tumanida o‘n yil oldin atigi 2 ta xususiy klinika bo‘lgan bo‘lsa, hozir 50 taga yetdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Farg‘ona viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazmoqda.
O‘zA