Farg‘onada AES quriladimi?
Farg‘onada duv-duv gap: atom elektr stansiyasi qurilarmish! Ijtimoiy tarmoq va aholi orasida bunday mish-mish tarqalishiga ikki sabab bor edi. Birinchisi, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Xorazm viloyatidagi yangi investitsiya loyihalarini ishga tushirish marosimida “O‘zbekistonda ikkinchi atom elektr stansiyasi barpo etish bo‘yicha katta tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda” degani bo‘ldi. Ikkinchisi esa, shu kunlarda Farg‘ona viloyat hokimi Xayrullo Bozorovning “Rosatom” davlat korporatsiyasi Markaziy Osiyo va Yaponiyadagi vakolatxonasi bosh direktori Aleksey Dremuchev boshchiligidagi delegatsiyani qabul qilgani edi.
“Uchrashuvda o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish, istiqbolli investitsiya loyihalarini amalga oshirish va ishlab chiqarishni mahalliylashtirish masalalariga e’tibor qaratildi”, deyiladi viloyat hokimligining rasmiy axborotida. Ammo “Rosatom”ning yuqori martabali mulozimi Aleksey Dremuchev Farg‘onada ikki kun davomida oliy ta’lim muassasalari va yirik ishlab chiqarish korxonalari faoliyati bilan tanishdi. Xususan, u Farg‘ona shahridagi “Central Asian Medical University” xalqaro tibbiyot universitetida bo‘lib, zamonaviy tibbiy ta’lim va malakali mutaxassislar tayyorlash jarayonlari bilan qiziqdi. O‘zaro hamkorlik istiqbollari yuzasidan muzokara o‘tkazdi.

Xo‘sh, “Rosatom” vakilining O‘zbekistonga, xususan, Farg‘ona viloyatiga tashrifi O‘zbekistonda ikkinchi atom elektr stansiyasi qurilishi bilan bog‘liqmi? Farg‘ona viloyati hokimligi ahborot xizmati Aleksey Dremuchevning tashrifi chog‘ida bu masala muhokama qilinmaganini ta’kidladi.
Mamlakatda qurilishi rejalashtirilayotgan yana bir atom elektr stansiyasi texnik talablar taqozosiga ko‘ra viloyatning Sirdaryo yoki Katta Farg‘ona kanali suv havzalaridan birida bunyod etilishi ham ehtimoldan yiroq emas.
Muhammadjon Obidov,
O‘zA