Farg‘ona viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
“Qo‘qon” erkin iqtisodiy zonasining Quvasoy filialidagi yirik sanoat korxonasi - Koreya Respublikasining “Hansae Mobility” kompaniyasi bilan hamkorlikda avtomobil ehtiyot qismlarini ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirilmoqda.
Ayni kunlarda qurilish ishlari yakunlanayotgan bo‘lib, bir vaqtning o‘zida dastgohlarni o‘rnatish ishlari olib borilmoqda.

Qiymati 30 mln dollar bo‘lgan loyihaga ko‘ra, birinchi bosqichda 120 ta, umumiy hisobda 200 tadan ziyod ish o‘rni yaratilishi ko‘zda tutilgan. Yangi korxona 2026-yil yakuniga qadar ishga tushiriladi.

***
Huvaydo mahallasida "Ona uyi” resurs markazi tashkil etildi.

Mazkur muassasada ona va bolaga ijtimoiy yordam ko‘rsatilishi bilan birga onaga kasb-hunar o‘rgatilib, o‘z hayotini izga tushirishi uchun imkoniyat yaratiladi.

Asosiy maqsad o‘ziga bo‘lgan ishonchni yo‘qotgan, hayotga qiziqishi so‘ngan onalarni jamiyatga qaytarish, bolalarni yetimlikdan asrash.
Hozirga qadar bu yerga 20 nafar ona, 24 nafar bola joylashtirildi.

Markazda yashovchilarga psixologik, huquqiy hamda tibbiy yordamlar ko‘rsatilmoqda.
Og‘ir ijtimoiy vaziyatdagi ayollar “Ona uyi”ga “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi yo‘llanmasi asosida qabul qilinadi.
***
Bog‘bon mahallasi azaldan bog‘dorchilikka ixtisoslashgan bo‘lib, aholi olma, gilos va shaftoli yetishtirishda boy tajribaga ega.

Bugungi kunda hududda yuqori daromad keltiruvchi malina va qora olxo‘ri (yejevika) yetishtirish yangi iqtisodiy drayverga aylanmoqda.
Mazkur mahallada yashovchi Zamirbek Abduvaliyev bir gektar maydonda qora olxo‘ri plantatsiyasini tashkil etib, joriy yildan boshlab yuqori hosil va daromad olishni boshladi. Uning bir tupi o‘rtacha 30 kilogrammgacha hosil beradi hamda unga ichki va tashqi bozorda talab katta.
Muhammadjon Obidov, O‘zA