Farg‘ona Samarqand viloyatiga raqobatchi bo‘la oladimi?
Kattaqo‘rg‘on mayizining dong‘i uzoq chet mamlakatlarga ham ketgan. Chunki bahorning mayin iqlimi, yozning jaziramasini ko‘rgan turfa xil navli uzumdan qilingan mayizlar shirasi-yu tarkibidagi darmondorilari bilan mijozni birinchi bor totinganidayoq o‘ziga muxlis qilib qo‘yadi.
Ammo so‘nggi yillarda Farg‘ona mayizi eksporti ham ortib bormoqda. Masalan, birgina shu yilning yanvar-aprel oylarida farg‘onalik uzumchilar 1,6 ming tonna mayizni o‘ngga yaqin davlatdagi xaridorlarga yetkazib berdilar. Shundan so‘ng, ular hisob raqamiga 2,5 mln dollar kelib tushadi. Eksport hajmi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 10 foiz ko‘paygan.
Buning sababi, birinchidan, Farg‘ona viloyatida yangi uzumzorlar tashkil etilganida. So‘nggi yillarning o‘zida viloyatda 7 ming gektar yangi uzumzor bog‘lar yaratildi. Ikkinchidan, bab-baravar pishgan uzumlarni o‘z holicha sotib ulgurib bo‘lmay qoldi, deydi bog‘bonlar. Shuning uchun uni qayta ishlab uzum sharbati, sirkasi, urug‘i, qiyomi va, albatta, mayizi ham olinyapti. Mayizchilik daromadi esa bog‘bonlarni shu sohani rivojlantirishga turtki bermoqda.
Xo‘sh, yaqin yillarda Farg‘ona bog‘bonlari Samarqand mayiziga raqobat qila oladimi?
Muxammadjon Obidov, O‘zA