Farg‘ona malinasi – jahon bozorida
FOTOREPORTAJ
Keyingi yillarda Farg‘ona tumanidagi o‘nlab mahallalarda malinachilik hududni iqtisodiy rivojlantirish drayveriga aylangani ma’lum. O‘z navbatida sohaga innovatsion g‘oyalar hamda ilg‘or xorijiy tajriba keng joriy etilishi natijasida yildan-yilga tarmoqning eksport salohiyati yuksalib bormoqda.
Farg‘ona tumani markazi — Vodildagi bir necha mahallalarda istiqomat qiluvchi aholi o‘z tomorqasida malina yetishtirishda katta tajriba ega. Mazkur hududda yetishtirilayotgan tabiiy shifobaxsh va darmondoriga boy ushbu rezavor mamlakatimizning barcha hududlariga yetkazib beriladi.
[gallery-23844]
Quvonarlisi, keyingi yillarda tuman mirishkorlari mahalliy navlardan tashqari eksportbop, Yevropa navlaridan ham yuqori hosil hamda daromad olishga erishyapti. Hozirgi kunda hududdagi besh mingdan ziyod shaxsiy tomorqa egalari hamda fermer va dehqon xo‘jaligi yerlarida jami ming gektardan ortiq maydonda yetishtirilayotgan malina hosili dunyo bozorlariga chiqarilmoqda.
Shu kunlarda tumandagi “Alpomish Xosiyatxon” bog‘dorchilik xo‘jaligining 14 gektar yerida malina hosili yig‘ib olinib, ekologik toza tabiiy mahsulot zamonaviy gofra qutilarga qadoqlangan holda eksportga tayyorlanmoqda.
Sifatli mahsulot yetishtirish, malina ko‘chatlarini zararkunandanlardan samarali himoya qilish hamda hosilni eksportga tayyorlash jarayonida O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi Farg‘ona tuman bo‘limi inspektorlari yaqindan ko‘mak bermoqdalar.
Muqimjon QODIROV(surat),O‘zA